Yakshanba kuni Qozog‘istonning Qazaqstan va «Xabar 24» telekanallari kaltaklangan qirg‘izistonlikning ishsiz ekanligi, Olmaotadagi pogromlarda qatnashgani va buning uchun 90 ming tenge (taxminan 200 dollar) olgani haqidagi lavhani namoyish etdi. Xabarlar boshqa OAVlarda ham tarqaldi. Biroq tez orada ular ushbu ma’lumotni rad etishga majbur bo‘ldilar.

«Mitingda qatnashishni taklif qilishdi, 90 ming tenge taklif qilishdi. Qirzig‘istonda ishsiz bo‘lganim uchun rozi bo‘ldim. Ular menga chipta olib berishdi. Ikkinchi kuni Olmaotaga uchib keldim va meni Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan kvartiraga olib borishdi, ularning nima haqda gaplashayotganlarini tushunmadim. Miting boshlanganida qo‘rqdim. Kvartiraga qaytib keldim, bir oqshom qoldim, keyingi kuni esa uyga qaytishga qaror qildim va meni harbiylar Samsi qishlog‘ida (Jambul viloyati — tahr.) ushladilar», — dedi u kameraga.

Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari darhol bu odamning qirg‘izistonlik pianinochi va jazz musiqachisi, Olmaotada tez-tez konsert berib turadigan Vikram Ruzaxunov ekanligini aniqlashtirdi. Ruzaxunovning qarindoshlari va hamkasblari videoda aynan u ekanligini tasdiqlashgan. Ular Qozog‘istonning Bishkekdagi elchixonasi oldidagi mitingga borishgan.

Namoyishchilarga Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ham qo‘shildi va u videoda qirg‘iz musiqachisi aks etgani hamda uning terrorchi emasligini aytdi. U Qirg‘iziston rasmiylaridan Qozog‘istondagi qirg‘izlarni pogromchilar sifatida ko‘rsatishga urinayotganidan noroziligini bildirdi.

«Fuqarolarimiz terrorizmda ayblansa, biz jim o‘tira olmaymiz», — dedi Tashiyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga norozilik notasi yuborgan.

Keyinroq Qozog‘iston IIV videodagi kaltaklangan shaxs Vikram Ruzaxunov emas, balki Zokir Uburov (1990 yilda tug‘ilgan) ekanligini ma’lum qildi. Ammo uning ukasi Tohir Uburov (to‘g‘ri yozilgani — Yuburov) lavhadagi shaxsning Zokir emasligi, ammo uning ukasi ham Qozog‘istonda hibsga olinganini ma’lum qildi.

Zakir Yuburov. Foto: Kaktus Media.

Qirg‘iziston IIV hibsga olingan shaxsning yaqinlariga tayanib, Vikram Ruzaxunovning Olmaotaga konsertlar o‘tkazish uchun taklif etilganini ma’lum qildi.

«Uni aeroportga onasi Qunduzxon va uning Bishkekdagi IPAM kompaniyasida dasturchi bo‘lib ishlayotgan nabirasi Askat Serikov kuzatib borishgan. Qozog‘istonda ularning qarindoshlari bo‘lmagan va musiqachi faqat taklifnoma bilan konsert dasturlarini o‘tkazish, shuningdek, Qozog‘iston va MDH mamlakatlaridagi musiqa festivallarida qatnashish uchun safar qilgan», — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston TIV rahbari Ruslan Kazakbayev diplomatik missiyaning advokatlari va konsullariga hibsga olingan qirg‘izistonliklarni ko‘rishga ruxsat berilmaganini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘z bayonotida ikki davlat vazirliklari o‘rtasida zarur ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

«Qozog‘istonda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz ko‘p. Ehtimol, ular orasida aksiyalarda ishtirok eta oladiganlar ham bo‘lgan. Lekin biz qattiq kurashamiz va harakatlarda ishtirok etmagan va nohaq javobgarlikka tortilayotgan barcha fuqarolarimizni himoya qilamiz. Ikki davlat maxsus xizmatlari ishlarining natijalarini kutamiz», — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarida.

Bir kun avval Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev Twitter orqali ingliz tilida «banditlar va terrorchilar» maxsus markazdan nazorat qilingani, ularning ba’zilari qozoq tilini bilmasligini yozgan edi. Keyinchalik bu xabarlar o‘chirildi.