7 yanvar kuni O‘zbekistonga kirib kelgan xorijiy davlat fuqarosida COVID-19`ning «omikron» shtammi aniqlandi, deya xabar qilmoqda SSV matbuot xizmati. Avvalroq vazirlik hali O‘zbekistonda «omikron» shtammi aniqlanmagani, biroq bu «xotirjamlikka berilish» uchun asos bo‘lmasligini qayd etgan edi.

Ma’lum qilinishicha, 8 yanvar kuni respublikada COVID-19 bilan kasallanish holatlari rekord darajada qayd etilib, qariyb 370 nafar kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan — bir kun avval kasallanish holatlari 214 tani tashkil etgan edi.

1 yanvardan 4 yanvargacha bo‘lgan davrda mamlakatda 100 tadan kam holat qayd etilgan edi. Pandemiya boshlanganidan beri rasman tasdiqlangan holatlarning umumiy soni 200 mingdan oshdi (200341). COVID-19 oqibatlaridan vafot etganlar soni esa 1494 nafarni tashkil etmoqda.

Ayni paytda mamlakatda koronavirusga qarshi 39,8 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan. Birinchi dozani qabul qilgan aholining 88,2 foizini, barcha dozalarni qabul qilganlar — 64,4 foizini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda koronavirus bilan kasallanish holatlari soni keskin ortishi va «omikron» shtammi qayd etilgani munosabati bilan yakshanba kuni COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.