Davlat statistika qo‘mitasi 2022 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari miqdorini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bir kishi uchun minimal iste’mol xarajatlarining yangi miqdori 13,2 foizga oshib, 498 mingni tashkil etdi.

O‘zbekistonda dastlabki hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari 2021 yil narxlarida 440 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning may oyida e’lon qilingan.

Qo‘mitaning qayd etishicha, yangi hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari miqdori respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan kuzatuv natijalariga asoslangan. Mazkur hisob-kitoblarga muvofiq, eng kam daromadga ega bo‘lgan uy xo‘jaliklarida kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat va zarur nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlari bir oyda kishi boshiga 498 ming so‘mni tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, jahon tajribasida, shu jumladan O‘zbekistonda, minimal iste’mol xarajatlari kambag‘allik chegarasi hisoblanadi hamda mazkur ko‘rsatkichdan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatiladigan moddiy yordam miqdorini belgilash;
  • davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash;
  • mamlakatda kambag‘allik chegarasini belgilash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish.

Manba: Иқтисодий тараққиёт va kamбағалликни қисқартирish vaзирлиги

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, minimal iste’mol xarajatlarining oshirilishi ortidan quyidagi turdagi pensiya va nafaqalar miqdorlari ham kamida shu summaga yetkazilishi kutilmoqda:

  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori.