O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini tugaganidan so‘ng, 6 yanvar kuni kasallanishlar soni keskin ortgani ma’lum qilindi. 6 yanvar kuni 251 ta, 7 yanvarda 214 ta va 8 yanvar kuni 369 ta yangi koronavirus holatlari qayd etildi. Ayni vaqtda kasallik holatlarining keskin ko‘payishi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham kuzatilmoqda.

Yakshanba kuni O‘zbekistonda koronavirusning «omikron» shtammi aniqlanganligi ma’lum qilindi.

Pandemiya boshlanishidan beri virus bilan kasallanish holatlarining o‘sish dinamikasi tahlillariga qaralsa hamda mamlakatda kasallikning tez tarqaluvchi omikron shtammi qayd etilgani inobatga olinsa, O‘zbekistonda yangi koronavirus to‘lqini boshlanayotgan bo‘lishi mumkin.




2020−2021 yillarda O‘zbekistonda koronavirusning rivojlanishi asosan bahorning oxirida boshlanib, qishgacha davom etdi. Oxirgi bir oy davomida koronavirus bilan kasallanish holatlarining borgan sari kamayishi kuzatildi. 2021 yil dekabr oyida kasallanishning qishki mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etilgan edi (278 nafar 10 dekabrda). 2 yanvar kuni esa ushbu ko‘rsatkich (64 nafar) 2021 yilning yanvaridagi ko‘rsatkich (49 nafar)ga yaqinlashdi. Ammo 2−6 yanvarda yangi kasallanish holatlari 64 nafardan 251 nafargacha ko‘paydi. 8 yanvar kuni esa 369 ta koronavirus holatlari aniqlandi. Bu pandemiya boshlangandan buyon qish mavsumidagi eng yuqori ko‘rsatkich.


O‘zbekistonda koronavirusning birinchi to‘lqini 2020 yil dekabr oyigacha davom etgan. Bir yil avval, 2021 yil yanvar oyida vaziyat stabil holatda bo‘lgan. Yangi kasallanish holatlari bo‘yicha antirekord 2021 yilning 5 avgust kuni qayd etilgan (974 nafar bemor). 2021 yilda ommaviy vaksinatsiya boshlanganiga qaramasdan, o‘tgan yil bahorida boshlangan ikkinchi to‘lqin davomida 2020 yilga nisbatan ko‘proq koronavirus holatlari aniqlandi.


2021 yil 6 yanvar kuni O‘zbekiston shifoxonalarida 1058 nafar bemor davolanayotgan bo‘lgan (xozir 1419) va bu ko‘rsatkich shu yilning 14 mart kunigacha (orada biroz ko‘tarilib) kamayib borgan. 2021 yilning 15 martidan boshlab esa epidemiyaning ikkinchi to‘lqiniga sababchi bo‘lgan o‘sish kuzatilgan.

Ushbu ikki to‘lqinni bir kunda boshlanganidan tashqari (birinchi to‘lqin 2020 yil 15 mart, ikkinchi to‘lqin 2021 yil 15 mart), yana bir narsa bog‘lab turadi: 2020 yilda ham, 2021 yilda ham koronavirus bilan kasallanish cho‘qqisi avgust oyiga to‘g‘ri kelgan.

2020 yilning 29 iyul kuni O‘zbekiston shifoxonalarida davolanayotgan koronavirusga chalinganlar soni 9517 nafarga yetgan. Koronavirus 2021 yilda avvalgi yilga nisbatan kengroq tarqaganiga qaramasdan, bu antirekord boshqa takrorlangani yo‘q. Bunga 2021 yilga kelib koronavirusni davolash ko‘rsatkichi ham o‘sgani sabab bo‘ldi. Ya’ni 2020 yil iyul oyida 8782 nafar bemor tuzalgan bo‘lsa, 2021 yilning shu oyida ushbu ko‘rsatkich deyarli ikki baravar — 16299 nafarga oshgan.

O‘lim holatlari




2020 yilning iyunida koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov koronavirus 30 daraja issiq va undan yuqori haroratda yuqish faolligini to‘liq yo‘qotishi, havo namligining pasayishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuvchi quyosh nurlari virusni nobud qilishini ta’kidlagan edi.

Ammo rasmiy statistikaga ko‘ra, yozda nafaqat kasallanish, balki o‘lim holatlari ham keskin oshdi. O‘zbekistonda 2020 yilda 614 ta, 2021 yilda 871 ta koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganlar qayd etildi. 2020 yilda koronavirusdan o‘lim holatlari yoz o‘rtalarida ko‘payishni boshlab, qishgacha yuqoriligicha saqlanib qolgandi, keyinchalik butun qish davomida juda kam sonli o‘lim holatlari aniqlandi. 2021 yilda esa yana yozda ko‘payishni boshlagan o‘lim holatlari bo‘yicha bu safar qishda ham keskinlik saqlanib turdi.

Epidemiyaning 2021 yil yozida o‘z cho‘qqisiga chiqqan ikkinchi to‘lqin 2020 yilgi birinchi to‘lqinga nisbatan bemorlar va o‘limlar soni bo‘yicha ancha og‘irroq kechdi.

«Omikron» dunyoda yangi koronavirus to‘lqinini boshlab yubordi

2022 yilda butun dunyoda koronavirusga chalinish bo‘yicha kunlik rekord yana yangilandi. 7 yanvar kuni yer yuzida 2 million 700 mingdan ziyod kishida «SOVID-19» aniqlandi. Bu — 6 yanvar holatiga nisbatan qariyb 200 mingtaga ko‘p ko‘rsatkich. Yangi holatlarning aksariyatini «omikron» shtammi tashkil etmoqda.

Olimlar hozirda butun dunyoda shiddat bilan tarqalayotgan omikron shtammini avvalgi shatmmlarga nisbatan ancha yengil deb atashmoqda.

Janubiy Afrikalik olimlar omikron shtammining paydo bo‘lishi pandemiyaning eng o‘tkir davri o‘z poyoniga yetayotganini bildirishini qayd etishdi. Bir guruh shifokorlar omikron birinchi bor qayd etilgan kasalxonada o‘rganish o‘tkazgan: ular koronavirus bilan hozirgi to‘lqinda kasallangan 466 nafar va avvalroq kasallik aniqlangan 3976 nafar bemorlarning ma’lumotlarini tahlil qildilar.

«Infeksiya to‘lqini misli ko‘rilmagan tezlik bilan harakatlandi va oldingi shtammlarga qaraganda ancha yengilroq kasalliklarga sabab bo‘ldi. Agar bu model saqlanib qolsa va butun dunyoda takrorlansa, ehtimol biz kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlarining to‘liq ajralishini ko‘ramiz», — deya qayd etdi tahlil mualliflari.