O‘zbekistonda OTM, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til 24 yanvargacha uzaytirilgach, OTMlarning kredit-modul tizimiga o‘tishi tufayli ikkinchi semestr boshlanish vaqti ham surildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov bu ikkinchi semestr o‘quv muddatiga ta’sir ko‘rsatmasligini malum qildi. Bu haqda u Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida aytib o‘tgan.

«Bu yangi tizimimizda o‘quv yili davomiyligi eski tizimga nisbatan ancha qisqargan. Avvalgi tizimda 38−40 o‘quv haftasi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 30 haftaga teng. Birinchi semestrda 15 hafta, ikkinchi semestrda ham 15 hafta. Shu sababli, bu yerda bizning birinchi va ikkinchi kurs talabalarimizga bu deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalarining o‘qishi esa mazkur o‘zgarishlar tufayli vaqtliroq tugaydi. Iyun oyiga bormasdan ularning o‘qishi yakunlanadi», — dedi u.

Shuningdek, talaba-o‘quvchilarga qishqi ta’til 24 yanvargacha uzaytirilgan vaqtda OTM, kollej va akademik litsey xodimlari, professor, o‘qituvchilari, shuningdek, rektor va prorektorlari uchun kredit-modul tizimi bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkaziladi.

Komiljon Karimovning qo‘shimcha qilishicha, treninglar O‘zbekistondagi chet el OTMlari filiallarida dars berayotgan xodimlar, xorijiy mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.