Navoiy shahrining Islom Karimov va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidan «Alisher Navoiy istirohat bog‘i» gacha bo‘lgan oraliqda «Turizm ko‘chasi» ni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Mazkur loyiha doirasida «Turizm ko‘chasi» bo‘ylab yangi granit toshlari yotqiziladi, piyoda va velosiped yo‘laklari tashkil etilib, yangi o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatiladi.

Shuningdek hududda:

  • Ikkita selfi hududi;
  • kichik arxitektura shakllari;
  • sanitariya gigiyena punkti va turistik ma’lumot markazi;
  • rangli musiqali favvora;
  • mahalliy aholi va sayyohlar uchun ovqatlanish joylari qurilishi ma’lum qilingan.

Foto: O‘zA.

Bundan tashqari, 7 ta me’moriy yechimi bir-biriga o‘xshamaydigan zamonaviy salqin ichimliklar savdo nuqtalari bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, bundan turizmni yanada rivojlantirish, tashrif buyurayotgan sayyohlarga munosib infratuzilma yaratish maqsad qilingan.