Surxondaryo viloyati Denov shahridagi «Indenim» savdo majmuasidagi portlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot va tahlililar natijalariga ko‘ra, fojianing yuz berishiga sabab bo‘lgan omillar yuzasidan hukumat komissiyasining xulosasi e’lon qilindi.

FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Muzaffarovning so‘zlariga ko‘ra, savdo majmuasida sodir bo‘lgan chaqnash portlovchi moddalar qo‘llanilganligi natijasida sodir bo‘lmagan.

«Mazkur obyektda portlovchi moddalar qo‘llanilganligi o‘rganilganda, portlovchi moddalar izlari mavjud emasligi hamda portlashga xos bo‘lgan o‘zgarishlar, ya’ni, „voronka“ va portlatish qurilmasining bo‘laklari aniqlanmagan. Чақнаш majmua ostidan o‘tgan va foydalanishda bo‘lmagan gaz quvuridagi yoriqlardan tabiiy gazning sizib chiqishi natijasida — portlash xavfi bo‘lgan gaz-havo aralashmasining hosil bo‘lishi va unga binodagi elektr jihozlarining avtomatlashtirilgan tartibda o‘chib-yonishida kuzatiladigan uchqunning ta’siri natijasida ro‘y bergan», — dedi u.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda olib borilgan ochish (kavlash) ishlari natijasida bino ostidan foydalanishda bo‘lmagan, diametri 57 mm bo‘lgan (1987 yilda qurilgan) gaz quvuri o‘tganligi aniqlangan.

Gaz quvurning bir tomoni yopilgan, ikkinchi tomoni esa «Surxon kapital mobil» MCHJga qarashli «ASR» savdo do‘koniga kirish zinasi ostidagi gaz tarmog‘idan uzilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu gaz quvuri esa «Indenim» savdo majmuasi binosining ostida qolib ketgan va foydalanishda bo‘lmagan quvurga ulangan bo‘lgan.


6 dekabr kuni «Hududgaz Surxondaryo» filialining Denov shahar gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan «Surxon kapital mobil» MCHJga qarashli «ASR» savdo do‘koni binosi ostki qismidan (poydevor orasida) o‘tgan gaz quvuri o‘rta bosimli gaz oqimi tarmog‘iga ulangan.

Natijada «Indenim» majmuasining ostidagi gaz quvurining korroziyaga uchragan yoriqlardan (6 joyidan 3−13 sm kattalikda) sizib chiqqan tabiiy gaz binoning ichki kismida to‘plangan va chaqnash yuzaga kelgan.

Avvalroq, FVV Denovdagi savdo majmuasida yuz bergan portlash oqibatida jami 226 ta ko‘chmas mulkka 22,6 mlrd so‘mlik zarar yetganini ma’lum qildi. Talofat ko‘rgan binolarning 25 tasi yaroqsiz deb topilgan, shundan 13 ta xonadon egalari boshqa joyga ko‘chirilib, uylari ta’mirlab berilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni ertalab soat taxminan 4 larda sodir bo‘lgan portlash oqibatida yaqin atrofdagi bino konstruksiyalar qulab, katta yong‘in kelib chiqqandi. Hozirgacha buning oqibatida 9 kishi jarohatlanib, ikki kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

«Gazeta.uz» Denovdagi favqulodda hodisa joyidan fotoreportajni e’lon qilgandi. Voqealar rivoji davomida Bosh prokuratura Denovdagi portlash bo‘yicha terakt versiyasini rad etdi.

14 dekabr kuni ushbu fojia bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z munosabatini bildirib, portlash tafsilotlarini televideniye orqali batafsil ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. «Yashiradigan O‘zbekiston emas hozir», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan buyon viloyatlar hokimlari shu singari holatlarning oldini olish uchun javobgarlikni shaxsan o‘z zimmasiga oladi.

16 dekabrga kelib esa, Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘i hamda Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimi aybdor deb gumon qilinib, qamoqqa olindi. Ular o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik va moddiy qimmatliklar olganlikda ayblanmoqda.