OTM, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til davri 24 yanvarga qadar uzaytirilgach, temir yo‘l kassalarida navbatlar hosil bo‘layotgani hamda tartibsizliklar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar va ularning yaqinlariga o‘z chiptalarini almashtirish muddati uzaytirilgani yuzasidan murojaat yo‘lladi.

Unda aytilishicha, 50 foiz chegirma berilishi muddati hamda 11 yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalarini bepul tarzda almashtirib berish muddati ham 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qildi.

«Shunday ekan, aziz talabalar, hurmatli ota-onalar 24 yanvarga qadar zaxirangizda qariyb 17 kun bor. Barcha talabalarning 11 yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan temiryo‘l chiptalari to‘liq bepul tarzda almashtirib beriladi. Ehtiyojdan kelib chiqib, qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek? «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ham o‘z munosabatida respublikadagi barcha temir yo‘l kassalari kechayu kunduz ishlashi va chiptalar hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz almashtirilishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, «xarid qilingan barcha chiptalar almashtirilib, hech kim joysiz qolmaydi, chunki barcha poyezdlarda chiptalarni qayta rasmiylashtirish uchun kerakli miqdordagi o‘rindiqlar mavjud».

Bundan tashqari, zarurat chora sifatida qo‘shimcha poyezdlar yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda OTM, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til davri 24 yanvarga qadar uzaytirildi. Shu bilan bir qatorda talaba-o‘quvchilarga temiryo‘l chiptalari tarif qismidan beriladigan 50 foiz chegirma muddati ham 24 yanvariga qadar uzaytirildi.