Reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan 120 nafar qatag‘on qurbonlari jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlandi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

6 yanvar kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 120 nafar shaxs oqlandi.

Xususan, O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) hay’atining 1925 yil 4 sentabrdagi maxsus yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Mirza Ibragimov Mir Axur va boshqalar (jami 43 kishi) O‘zSSR JKning 61-moddasi (xorijiy mamlakatlar yoki ijtimoiy guruhlar foydasiga og‘ish) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda urushni e’lon qilish hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etish, 67-moddasi (aksilinqilobiy tashkilotlarga a’zolik qilish) va 69-modda (inqilobiy harakat va proletaryat sinfiga qarshi faol harakat yoki kurashish) ya’ni fuqarolar urushi vaqtida aksilinqilobiy xukumat tuzishda aybli deb topilib, surgun jazosiga hukm qilinib, ularga tegishli mol-mulklar musodara etilgan.

O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili huzuridagi Uchlik yig‘inining 1930 yil 24 yanvardagi qaroriga kura, Appax Xodja Asqar Xodjayev va boshqalar (jami 40 kishi) O‘zSSR JKning 78-moddasi (banditizm) sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, surgun va eng og‘ir jazo-otishga hukm qilinib, otilgan va mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.


Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 24 martdagi bayoniga ko‘ra, Abduraximov Mirza Xodja va boshqalar (jami 15 kishi) O‘zSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, surgun va eng og‘ir jazo — otishga hukm qilinib, otilgan va mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

BDSB doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 25 yanvardagi bayoniga ko‘ra, Mansurbekov Muxammad Sodiq va boshqalar (jami 5 kishi) O‘z SSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli, deb topilib, O‘rta Osiyodan surgun qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

BDSB doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 19 martdagi bayoniga ko‘ra, Safarov Tog‘ay Amin va boshqalar (jami 12 kishi) O‘zSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, O‘rta Osiyodan surgun qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Rossiya Federativ Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Inqilobiy tribunali Turkiston Sovet Respublikasi Markaziy Ijroiya qo‘mitasining 1921 yil 23 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Sharif Xodjayev Sadriddin Xon va boshqalar (5 kishi) O‘zSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli, deb topilganlar.