O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlarining kunlik ko‘rsatkichi keskin oshdi. Bu SSV e’lon qilgan xabarda aks etgan.

Yanvar oyidan beri virusga chalinganlar soni 100 nafarga ham yetmayotgan edi, jumladan, 1 yanvarda — 88, 2 yanvarda — 64, 3 yanvarda — 89, 4 yanvarda — 90 ta holat qayd etilgan.

Bu ko‘rsatkich 5 yanvarga kelib ortdi — koronavirus 146 kishida aniqlangan. 6 yanvarda esa kasallanishlar soni keskin oshdi va 251 kishida virus aniqlanib, uch kishi vafot etdi.

COVID-19 bo‘yicha o‘lim 9 kundan beri qayd etilmayotgan edi. 6 yanvar holatiga — 1488 nafarga yetdi.

Yangi kasallanish holatlarining eng ko‘pi Toshkent shahri (120) va viloyatida (47) hamda Samarqandda (36) kuzatilgan.

Yaqin kunlar ichida nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda eng ko‘p virus yuqtirish holatlari qayd etildi. 5 yanvar kuni 2,6 milliondan ortiq dunyo aholisida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan. Bu yer yuzida koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon kuzatilgan mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunda 885 mingdan ortiq holat AQSh dan kuzatilgan. Bu rekord ko‘rsatkichning 35 foizini tashkil qilmoqda.

Hozirda dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 300 mln dan oshib ketdi. 5,5 mlnga yaqin odam vafot etdi.