Buyuk Britaniya 10 yanvardan boshlab O‘zbekistonda berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni rasman tan oladi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi. Buni tasdiqlovchi ma’lumot Britaniya hukumati saytida ham keltirilgan.

Buyuk Britaniyaga safar qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari xorijga chiqishdan kamida 14 kun oldin to‘liq vaksinatsiya kursini o‘tagan bo‘lsalar, emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat haqiqiy hisoblanadi.

Buyuk Britaniyaga kirish uchun quyidagi vaksinalardan biri bilan emlanganlik bo‘lish shart:

  • Covaxin;
  • Moderna;
  • Janssen (bitta doza);
  • Novavax (Nuvaxovid va Covovax);
  • Oxford/AstraZeneca;
  • Pfizer/BioNTech;
  • Sinopharm Beijing;
  • Sinovac-CoronaVac.

O‘zbekistonda eng ko‘p qo‘llanilayotgan ZF-UZ-VAC 2001 xitoy-o‘zbek vaksinasi ular orasida mavjud emas.

Vaksinatsiya sertifikatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari endilikda Angliya hududiga kirish uchun PZR testini taqdim etishlari kerak bo‘lmaydi va ular 10 kunlik karantin o‘tish talabidan ozod qilinadi. Bundan tashqari, Britaniya hududiga kirgandan so‘ng PZR test o‘rniga ancha arzonroq turuvchi IFA-test (lateral flow test) topshiriladi, deyiladi «Dunyo» xabarida.

Batafsil ma’lumot uchun Buyuk Britaniya hukumati saytiga o‘ting.

Oldinroq «Gazeta.uz» koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risida sertifikat olish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan edi. Avgust oyi holatiga, O‘zbekiston sertifikatlarini faqat Vengriya davlati tan olganligi aytilgan edi.