Prezident qaroriga muvofiq, 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.

«Gazeta.uz» qaysi xarid cheki haqiqiy hisoblanishi, xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbekni bank kartasiga o‘tkazish haqida qo‘llanmani taqdim etadi.

Xarid cheki nima?

Xarid cheki — xarid qilingan tovarlar yoki xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirilganda onlayn-NKM yoki virtual kassada amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq shakllantirilgan va elektron shaklda yoki qog‘ozda chop etilgan, hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjat.

Xarid summasining 1 foizini qaytarib olish imkonini beradigan xarid chekida onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassalaridan chiqarilgan fiskal belgili matritsali shtrix kod (QR-kod)ga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, xarid chekida siz sotib olgan maxsulotlaringizning ro‘yxati bo‘lishi kerak. Qo‘yida cheklardan nusxa keltiramiz.

Muhim: keshbek tizimi mahsulot sotib olganda, ko‘chada ovqatlanganda yoki maishiy xizmat uchun to‘lov amalga oshirilganda beriladigan xarid cheklariga amal qiladi. Avtomobil sotib olganlik, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lovlar amalga oshirilganda olingan xarid cheklari uchun keshbek qaytarilmaydi. Chunki ushbu xaridlar bo‘yicha tushumlar to‘liq onlayn NKMdan o‘tkaziladi va naqd tushumi soliq organlaridan yashirilmaydi.

1-rasmdagi chekda xaridlar ro‘yxati aks ettirilgan. Lekin, unda fiskal belgili matritsali shtrix kod (QR-kod) yo‘q. Shu bois bu chek haqiqiy emas hisoblanadi va uni «Soliq» mobil ilovasida ruyxatdan o‘tkazishning imkoni yo‘q.


1-rasm. Foto: «Gazeta.uz».

2-rasmdagi chek esa xarid cheki hisoblanmaydi. U faqatgina bank plastik kartasidan pul o‘tkazilganligini tasdiqlaydi. Ushbu turdagi cheklarni ham «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni yo‘q.


2-rasm. Foto: «Gazeta.uz».

3-rasmdagi xarid chekida fiskal belgili matritsali shtrix kod (QR-kod) mavjduligi bois ushbu chek haqiqiy hisoblanadi va uni «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘ladi.


3-rasm. Foto: «Gazeta.uz».

«Soliq» mobil ilovasini o‘rnatish

Xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun telefoningizda «Soliq» mobil ilovasi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Ilovani Play Market (Android) yoki App Store (iOS) orqali yuklab olishingiz mumkin.

Masalan: «Play market» ilovasiga kirib «Soliq mobil ilovasi» so‘rovini kiriting. Qo‘yidagi rasmda berilgan Davlat soliq qo‘mitasining logotipi tushirilgan ilovani yuklang va oching.


Tizimga kirgandan so‘ng familiyangiz, ism-sharifingiz va telefon raqamingizni kiriting.


Ma’lumotlar kiritilgach, «Ommaviy oferta» bilan tanishib chiqib, uni qabul qilishga rozilik bildirish uchun dumaloq tugmani belgilang.


Ma’lumotlar to‘liq kiritilib bo‘lingach, «Davom etish» tugmasini bosish kerak. Shundan so‘ng sizning kiritgan telefon raqamingizga Davlat soliq qo‘mitasidan tasdiqlash kodi keladi.


Kelgan kodni katakchalarga yozasiz va ilova sizdan Pin-kod o‘rnatishni so‘raydi. Kodni ikki marotaba kiritish kerak.


Shundan so‘ng, «Mening kartalarim» bo‘limida «+» belgisini bosib, o‘zingiz doim xarid qilishda ishlatadigan bank plastik kartasining raqamini, amal qilish muddatini va xohishingizga ko‘ra karta nomini kiritishingiz kerak.


Barcha ma’lumotlar kiritilib bo‘lingach, «Kartani qo‘shish» tugmasini bosing.


Yuqoridagi barcha bosqichlar to‘g‘ri bajarilgach, ilovaning «Mening kartalarim» bo‘limida sizning kartangiz aks etadi.



Xarid chekini ilovada ro‘yxatdan o‘tkazish


Ilovaning «Umumiy xizmatlar» bo‘limida «Keshbek» tugmasini bosib, qo‘lingizdagi shtrix kodli (QR-kod) xarid chekini telefon kamerasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin.


«Keshbek» bo‘limida shtrix kod rasmi ko‘rsatilgan tugmani bosish kerak. Shundan so‘ng kamera xarid cheki shtrix kodiga yo‘naltirilsa, u avtomatik tarzda shtrix kodni o‘qiydi.


Agar xarid chekini shtrix kod yordamida ro‘yxatdan o‘tkaza olmasangiz, u holda «Fiskal raqam"i orqali uni ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin.



Bu belgi chekning quyi qismida «FM» va «FB» qisqa harflari bilan yozilgan bo‘ladi. Agar chekga qo‘yilgan talablar to‘g‘ri bo‘lsa u ilovadan ro‘yxatdan o‘tadi.


Xarid cheki ilovadan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda bu ilovaning tepa qismida «Hisoblangan so‘m» bo‘limida aks etadi.


Ilovaning «Mening cheklarim» bo‘limida skaner qilingan cheklar ro‘yxati shakllanadi. Xarid cheklaridan tushgan keshbek yig‘ilib boradi va «Umumiy keshbek summasi» bo‘limida ko‘rinadi. Oy boshida o‘tgan oyda yig‘ilgan keshbek mablag‘lari to‘liq ko‘rinadi.

«Tushumlar tarixi» bo‘limida xarid chekini skaner qilish orqali yig‘ilgan keshbeklar tarixini ko‘rish mumkin.

Yig‘ilgan mablag‘larni «Kartaga pul o‘tkazish» bo‘limida bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.


Barcha cheklar ham ro‘yxatdan o‘tmaydi

Ba’zi cheklar ilovadan ro‘yxatdan o‘tmaydi. Chunki, ayrim tadbirkorlar taqdim etadigan xarid cheklari Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan talablarga mos kelmaydi. Masalan, ba’zi hollarda xarid chekida «Fiskal belgi» va shtrix kod bo‘lishiga qaramay, uni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ilova «Chekdagi mahsulot kodi (MXIK) xato» deb ko‘rsatadi.


Davlat soliq qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, onlayn-NKM va virtual kassa cheklarida mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiyalash kodi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi shartligi belgilangan. Mahsulot kodida xatolik aniqlangan tadbirkorlik subyekti haqidagi to‘liq ma’lumotlarni soliq organlariga yetkazish kerak bo‘ladi. Soliq organlari holatni o‘rganib, tasdiqlangan xatolikni bartaraf etadi va murojaatchiga batafsil ma’lumot beradi.

Bundan tashqari prezident qaroriga muvofiq, 1 yanvardan boshlab, raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subektlari uchun onlayn-NKM va virtual kassaga ulangan, shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalardan (2D-skanerlar, ma’lumotlarni yig‘uvchi terminallar yoki boshqa turdagi maxsus qurilmalar) majburiy foydalanish talabi o‘rnatilgan.

Soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan qonunchilik hujjatlarida nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibining buzilishi bo‘yicha belgilangan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi. Mukofot fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Bunday murojaatni yo‘llash uchun «Soliq» mobil ilovasiga kirib «Umumiy xizmatlar» bo‘limidagi «Soliq hamkor» tugmasini bosish kerak.


Shundan so‘ng, u yerda so‘ralgan ma’lumotlarni yozma ravishda yoki 10 mbgacha bo‘lgan video ko‘rinishida jo‘natish mumkin.


Yoki har bir tadbirkorlik subyekti binosida tashkilot haqida ma’lumot beruvchi QR-kod`li belgini skanerlash orqali kerakli ma’lumot berish mumkin.