Toshkentning Olmazor tumanida avtobus piyodani (video) urib ketdi, deb xabar berdi «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati.

Voqea 6 yanvar kuni soat 19:50 larda Jomiy qurilish bozori yaqinida sodir bo‘lgan. 43-sonli yo‘nalishdagi avtobus haydovchisi Usta Shirin ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtida bozor oldidagi svetoforda to‘xtash uchun avtobusni sekinlashtirgan. Bu vaqtda yo‘l qatnov qismining birinchi bo‘lagida harakatlanayotgan piyoda muvozanatini yo‘qotib, to‘satdan avtobus tomonga yiqilgan.

«8-Avtobus saroyi» tasarrufidagi avtobus haydovchisi O.B piyodani urib ketgan va yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Natijada piyoda voqea joyida vafot etgan. Dastlabki xulosaga ko‘ra piyoda mast holatda bo‘lgan.

Hozirda mazkur YTH bo‘yicha Toshkent IIBB tomonidan dastlabki tergov ishlari ketmoqda. «Toshshahartransxizmat» AJning Harakat xavfsizligini nazorat etish bo‘limi tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

Avvalroq, Toshkentda mast holdagi Matiz haydovchisi avariya sodir etgani oqibatida 7 kishi, jumladan 3 bola, shuningdek, bir yashar chaqaloq jarohatlangandi.

Buxoroda esa Milliy gvardiya xodimi mashina urib ketishi oqibatida vafot etgandi.