6 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbatda prezidentlar O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo‘shni Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashdi.

Ikki davlat yetakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdilar, deyiladi xabarda.

Mamlakatlar rahbarlari mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga bundan buyon ham birgalikdagi sa’y-harakatlarni qaratishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan muloqotda mamlakat barqarorligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida doimo qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi.