Samarqandlik tadbirkorning auksion orqali sotib olgan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryo viloyatidan chiqarilmayotgani holati yuzasidan Biznes-ombudsman o‘rganish va ishga oid zarur ma’lumotlarni to‘plash boshlanganini ma’lum qildi.

Xususan, holatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi va IIBga so‘rov xatlari kiritilgan.

«Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyat hokimligi Biznes-ombudsman tomonidan 05.01.2022 yilda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli tartibda chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirildi», — deyiladi xabarda.

Biznes-ombudsman o‘rganish ishlari yakuni bo‘yicha xabar berilishini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samarqandlik tarbirkor auksion orqali sotib olgan 100 tonna chigitni chegaradan YPX inspektorlari o‘tkazmagan. Gavhar Alimova viloyat hokimi masalani hal qilishga bo‘lgan urinishlari zoye ketganini ma’lum qildi.

Mazkur holatga Qashqadaryo viloyati hokimiyati Samarqand viloyatiga olib ketilayotgan chigit mahsulotlari ortilgan uchta yuk mashinasi tegishli hujjatlari bo‘lmaganligi uchun to‘xtatib qolingani haqida bayonot e’lon qilgandi.

«Marokand Gold Oil Extraction olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR kodga ega bo‘lgan hisobvaraq-faktura bo‘lmaganligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilganligi sababli 3 ta yuk transport vositalaridagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan», — deyilgandi Qashqadaryo hokimligi xabarida.

Kun.uz`ning yozishicha, Marokand Gold Oil Extraction MCHJga qarashli 100 tonna yuk Chiroqchi tumanidagi «Umakay» postida ochiq osmon ostida saqlanmoqda.

Kompaniya bosh hisobchisi Umidjon Toirovning nashrga ma’lum qilishicha, mazkur holatda korxona ekspeditoridan hech qanaqa hujjatlar so‘ralmagan. IIB vakili, shunchaki, viloyatdan chigit chiqarilmasligini aytgan.

Shundan so‘ng, korxona mutasaddilari postga yetib borib, mahsulotni viloyat hududidan chiqarmaslik bo‘yicha yozma hujjat talab qilgan. IIB vakili bunday hujjatni taqdim qila olmagan, «viloyat rahbarlarining topshirig‘i», deb turib olgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz.

29 dekabr kuni korxona rahbarlari hokimlikka borib, viloyat hokimi bilan uchrashishning ilojini qilisha olmagach, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Alimovadan yordam so‘ragan. Gavhar Alimovaning ham urinishlari zoye ketgan.

3 yanvar kuni kechqurun Umidjon Toirov Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev bilan uchrashganini aytmoqda. Nodir Erkayev tadbirkor bilan suhbatda IIBga hokimlik tomonidan hech qanday topshiriq berilmaganini bildirgan.

«IIB hokimlik topshirig‘i desa, hokimlik biz topshiriq bermaganmiz desa, kimga ishonishni ham bilmay qoldik», — deydi Umidjon Toirov.

Shu kuni viloyat hokimligida Erkin To‘xtayev degan kishi ham o‘zini mas’ulman deb tanishtirgan va Toirovga «Hujjatlarimizda kamchilik bor ekan, to‘g‘riladik», deb tushuntirish xati yozib berishni so‘ragan. Narsh ma’lumotlariga ko‘ra, Erkin To‘xtayev — Qashqadaryo viloyat hokimligi huzuridagi axborot siyosati bo‘yicha doimiy komissiya raisi hisoblanadi.


Foto: Kun.uz.

Marokand Gold Oil Extraction bosh hisobchisi Umidjon Toirov hujjatlarda muammo yo‘qligiga ishontirmoqda. «Bizni IIB hujjatlarimizdagi kamchilik sabab to‘xtatgan bo‘lsa, nega mahsulotlarimiz ortilgan yuk mashinalari ochiqda saqlanyapti, jarima maydonchasida emas. Qolaversa, yukni olib ketish bilan bog‘liq barcha hujjatlarimizni IIBga taqdim qilganmiz», — dedi u.

Buxgalter ochiq havoda yetti kundan beri saqlab turilgan qariyb yuz tonna mahsulotning bugungi holatidan tashvishda ekanini bildirgan.

Birinchi marta emas

2020 yilning noyabrida Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarining og‘zaki ko‘rsatmasiga binoan postlardagi yo‘l patrul xizmati tomonidan paxta chigitini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishni taqiqlangandi. Antimonopoliya qo‘mitasining aralashuvidan so‘ng, taqiqlar olib tashlangan edi.

Bunga qadar, Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani haqida yozgandik. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.