O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Suhbatda ikki davlat rahbarlari Qozog‘istondagi vaziyatning rivojlanishi, respublikadagi holatni barqarorlashtirish, tez fursatda tinchlik va osoyishtalikni qayta tiklash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston yetakchisi Qozog‘istonning birodar xalqi va rahbariyatini ularning mamlakat barqarorligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, 2 yanvar kuni Mangistau viloyati Janaozen shahrida suyultirilgan gaz narxi oshirilganidan so‘ng boshlangan namoyishlar Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton shahriga va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqala boshladi.

4 yanvar kuni Mangistau viloyatida narxlar pasaytirilganligi e’lon qilindi, biroq bu namoyishlarni to‘xtatmadi. Namoyishchilar ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiy talablarga o‘tishdi. Chorshanbaga o‘tar kechasi namoyishchilar Olmaota ko‘chalarida yurish qilishdi, politsiya nurli va shovqinli granatalardan foydalandi.

5 yanvar kuni ertalab Olmaota shahri rahbari Bakitjan Sagintayev shahar aholisiga murojaat bilan chiqdi, deya xabar beradi Vlast.kz. U ekstremistik harakatlar va mamlakatda destabilizatsiya qilishga uringan ichki va tashqi kuchlarni ayblab, shahardagi vaziyat haqida ma’lum qildi.

Voqealar rivojida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatdagi tartibsizliklarni xalqaro terroristik agressiv harakat deb atadi va KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlaridan yordam so‘radi. U aksilterror operatsiya boshlanganini ma’lum qildi va Olmaotada aeroport qo‘lga olinganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar yaqinida Mudofaa vazirligining havo-desant bo‘linmalari bilan jang ketmoqda.

Shundan so‘ng, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘iston prezidenti murojaatidan so‘ng, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida «Kollektiv tinchlikparvar kuchlarni vaqtinchalik missiya bilan yuborishga» qaror qildi.