2021/2022 o‘quv yilining oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishqi ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 10−24 yanvar kunlari moliyaviy mustaqillikka erishgan hamda kredit-modul tizimiga o‘tgan barcha OTMlar rahbariyati va professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar olib boriladi. Shundan kelib chiqib, Ta’til muddati ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida uzaytirilgan.

«Bu jarayonga oliy ta’lim muassasalari huzuridagi barcha professional ta’lim muassasalari hamda akademik litseylar rahbarlari ham jalb etiladi», — deyiladi xabarda.

Talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50% miqdorida chegirma berilishi muddati ham 24 yanvariga qadar uzaytirildi. 11 yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Mazkur masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida OTM vazirligida Maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, barcha tashkiliy masalalar yuzasidan — 10−06, 71−246−97−45, 71−246−28−63 — ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, o‘z navbatida, qishki ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o‘quvchilarining vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinlar tashkil etiladi.