Navoiy viloyatida tarkibida oltin bo‘lgan qumlarni noqonuniy qazib olayotgan 5 nafar fuqaroni qum bosib qoldi.

FVV xabar berishicha, voqea 2021 yil 23 dekabr kuni soat 23:30 larda Konimex tumani Karakata OFYning cho‘l hududidagi «Lolazor» nomi bilan ataluvchi konida sodir bo‘lgan.

Viloyat FVBning kuch va vositalari hamda FVDTga kiruvchi xizmatlarining qidiruv-qutqaruv ishlari olib borganda Buxoro viloyatidan bo‘lgan 5 nafar fuqaroning jasadlarini topgan. Sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish maqsadida jasadlar Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmasiga yuborilgan.

Kun.uz`ning yozishicha, qurbonlar 4 yanvar kuni tuproq ostidan olib chiqilgan.

Foto: Navoiy viloyati FVB.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 5 ta texnika va 63 nafar xodim hamda ishchi-xizmatchi jalb etilgan. Hozirda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat bo‘yicha Navoiy viloyati IIB va Konimex tuman IIB TTG xodimlari hamda Konimex tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Birinchisi emas

2021 yilning yanvarida Jizzax viloyatida noqonuniy tarzda oltin qazigan 4 nafar fuqaroni tosh bosib qolganligi, ulardan 2 nafari vafot etganligi haqida xabar berilgandi.

2021 yilning iyun oyida Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda tilla qumlarini qazib olish bilan shug‘ullangan to‘rt kishi «elektrodvijok»dan chiqqan yoqilg‘i tutunidan zaharlanib, vafot etgandi. Yana uch nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgandi.