«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o‘qiyotgan yoki xorijda ta’lim olib, hozir ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Bunda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta’limni tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Muzaffar Hamroyev.

Muzaffar Hamroyev Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent temir yo‘llari muhandislari institutini bitirib, Germaniyadagi Myunxen texnika universitetida magistratura bosqichida ta’lim olgan. 2018 yildan 2021 yilgacha Mercedes-Benz kompaniyasining Loyihalashtirish va Tadqiqot bo‘limida transport tadqiqot muhandisi bo‘lib ishlagan. Hozirda Yevropada yagona bo‘lgan Tesla gigazavodida transport muhandisi lavozimida ishlab kelmoqda.

— Yoshligingizdan to xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz.

— Men 1992 yilda Qarshi shahrida tug‘ilganman. 7-sinfgacha Qarshi shahridagi 26-sonli umumta’lim maktabida, undan keyin Qarshidagi 1-ixtisoslashtirilgan gimnaziyada tahsil olganman. So‘ng shahrimizdagi iqtisodiyot kollejining moliya yo‘nalishida o‘qishni davom ettirganman. 2010 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida o‘qishga kirganman.

3-kursdan 4-kursga o‘tgan paytim bakalavriatdagi bilim va ko‘nikma men o‘ylagan darajada yetarli bo‘lmaydi, deb o‘ylaganman. Shu sababli magistraturada o‘qishni davom ettirishga qaror qilgandim. Avval o‘qish joyini O‘zbekistondan izlab ko‘rdim, so‘ng, chet elda o‘qisam ko‘proq bilim va tajriba orttiraman, deb, xorijiy universitetlarni ko‘rib chiqa boshladim. Standart iqtisodchi sifatida tahlil qilib, Myunxen texnika universitetini eng ma’qul deb topganman va shu o‘qishga topshirganman. Bunga 2013 yilning dekabr oyidan harakatni boshlaganman.

— O‘qishga hujjat topshirish jarayonlari qanday bo‘lgan, sizdan nimalar talab etilgan edi?

— Myunxen texnika universitetining talablari quyidagicha bo‘lgan:

  1. Til bilish to‘g‘risidagi sertifikat. Bunga qo‘shimcha ball beriladi.
  2. Eng muhimi baholar, ya’ni, bakalavriat davridagi baholar muayyan darajadan yuqori bo‘lishi kerak. Hozir qaysi tizimda ketayotganini bilmayman-u, lekin, men o‘qigan oldingi tizimda hisoblashim bo‘yicha umumiy baholar darajasi hech bo‘lmaganda 87,5% dan yuqori bo‘lishi kerak edi.
  3. Insho. Siz bunda nega aynan shu universitetni tanlaganingizni yozishingiz kerak bo‘ladi.

Shu 3 ta talab asosida talabalar tanlab olinadi. Agar, bu bo‘yicha ko‘rsatkichlar yetarli bo‘lmasa, yana qo‘shimcha suhbatlar bo‘lishi mumkin. Lekin, mening omadim kelib, suhbatgacha yetib bormaganmiz (kuladi). Germaniya oliy o‘quv yurtlaridagi magistratura ingliz tilida ham bo‘ladi. Iqtisodiyot, muhandislik ham aynan shular qatoriga kiradi. Shu sababli, til bilish darajasi sertifikati ingliz tilida bo‘lgan. Men ham IELTS dan imtihon topshirganman. (O‘qishdan ham C1 daraja talab qilingandi).

Shundan so‘ng, ular dunyo bo‘yicha 620 ta talabadan 35 tani tanlab olishgan. Ular orasida men ham bo‘lganman va tabiiyki, men ham buni kutmagan edim (kuladi).

Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy arxividan.

— Xorijga ketishdan oldin o‘zingizga qo‘ygan maqsadlaringiz o‘zgarmadimi?

— Menimcha, ular takomillashdi desam bo‘ladi. 1-navbatdagi qo‘ygan rejam o‘qishni muvafaqqiyatli tugatish, keraklicha bilim olish, keyin esa shunga mos ravishda malakani oshirish uchun shu yo‘nalishda ishlash edi. Hozirgi darajam ham o‘sha 2014 yilda bo‘ladi, deb o‘ylamaganman. Hammasi vaqt bilan kelgan. U paytda mana shu holatda ishlayotganim umuman hayolimga kelmagan.

— Siz borgan joyning kupyurasida topgan 1-mablag‘ingiz qancha bo‘lgan, uni qaysi vazifangiz uchun berishgandi?

— Birinchi ishlab topgan pulim aniq esimda, 80 yevro edi. U paytda biz talaba edik. Ba’zi xususiy yoki tijoriy tashkilotlar universitet bilan shartnoma tuzgan, universitet esa bu yo‘lda muayyan tadqiqot o‘tkazgandi. Unda ishtirok etgan 1,5 kunimiz uchun 80 yevroni hisob raqamimizga o‘tkazib berishgan.

— O‘zbekistondan ketganingizdan keyin dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi deb o‘ylaysiz?

— Menimcha, dunyoqarashim boyidi, desam bo‘ladi. O‘zbekchilik, o‘zbek mintalitetiga mos qarashlar o‘zgarmadi, shu dunyoqarash yanada kengaydi. Lekin, baribir Germaniyadagidan ko‘ra o‘zbek taomlarining sifati ancha zo‘r. Bir hafta bir marta osh albatta bo‘ladi.

Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan.

— Germaniyaga borganingizdan keyin qiyinchiliklar bo‘ldimi? Eng katta qiyinchilik nima edi?

— Men 2 ta qiyinchilikni sanab o‘ta olaman:

  1. O‘qish davridagi qiyinchilik. Myunxen texnika universiteti juda talabchan. Ya’ni, siz universitetni Germaniya darajasidagi mutaxassisi bo‘lib yetishmaguningizcha, muhandisga aylanmaguningizcha bitirolmaysiz.
  2. O‘qishni bitirgandan keyingi qiyinchilik. Germaniyaning mehnat bozoridagi holatni quyidagicha ta’riflash mumkin. Sohaviy ishchilarga, hunarmandlarga talab juda katta, lekin, mutaxassislarga talab uncha katta emas. Mutaxassislar kuchli raqobat ostida qolib ketadi. Masalan, magistr yoki bakalavr diplomi bor talabalar ishga olinayotgan paytda bir ish o‘rni uchun kamida 20 ta odam kurashadi. Ayniqsa, iqtisod, siyosat, kimyo-biologiya, muhandislik sohalarida raqobat juda kuchli. Shu sabali, raqobatga tayyor bo‘lish kerak.

Men ham magistraturani bitirganimdan so‘ng ancha vaqt ish izlaganman (talabalik vaqtimda ham ayrim tashkilotlarda ishlar edim). O‘zimni katta kompaniyada ishlashga tayyor deb hisoblashim uchun, deylik, 3,5 yillar vaqt ketgan.

Yana bir jihati O‘zbekistonda talabalar diplom ishi uchun mavzu qidiradi, ularga mavzularni o‘qituvchilar berishadi. Bu yerda esa professorlar mavzu berishga majbur emas. Ular ham talabalar orasidan chertib-chertib tanlab olishadi va mavzu berishadi. Talabalar ularning ketidan mavzu berishlari uchun rosa yugurishadi. Mana shu davrga ham ancha vaqt ketadi. Masalan, talabalik davri ham menda 2 yil 7 oy davom etgan.

— Germaniyadagi qaysi tizim O‘zbekistonda ham bo‘lishini istagan bo‘lardingiz?

— Menimcha, qanchalik hazil bo‘lmasin, talabalarga talabchan bo‘lish. O‘qishni mutaxassis bo‘lmaguncha bitirmaslik.

Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan

— Transport muhandisi sifatida Germaniya shaharlari ko‘chalaridagi holat haqida nima deya olasiz?

— Birinchi navbatda, Germaniyada o‘rtacha kishi boshiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar soni yuqori deyish mumkin. Avtomobil qatnovi juda ko‘p. Lekin mutaxassis sifatida aytishim mumkin, avtomobillar oqimini boshqarish juda tartibli. Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent shahrida o‘rtacha 600 ga yaqin svetofor bo‘ladigan bo‘lsa, Germaniyaning kichkina Shtutgart shahrining o‘zida kamida 1200 ta svetofor bor. Bu degani, chorrahalardagi avtomobil harakatini boshqarish juda kuchli. Transport muhandislarida shunday prinsip borki, yo‘llarda harakat tezligini yaxshilash uchun svetoforlarni kamaytirish yoki yo‘laklar sonini oshirish hech qachon tirbandlikni kamaytirmaydi.

Tirbandlikni ikkita narsa kamaytiradi:

  1. yaxshi boshqaruv;
  2. jamoat transportini kuchli rivojlantirish, ya’ni jamoat transportining ulushini oshirish;

Masalan Qo‘shma shtatlarda faqat avtomobillarga mo‘ljallangan shaharlarda 99% faqat shaxsiy avtomobillar yuradi. Bo‘lsa, 1% jamoat transportlari qo‘shilishi mumkin. Germaniyada bu jihat o‘zgacha. Bu yerda 30−35% jamoat transporti, undan tashqari 50% avtomobil, qolgani piyoda va eng muhimi velosiped harakati bor. Yo‘llardagi muammoga yechim topish uchun esa ularga kompleks qarash kerak.

— Tesla kompaniyasiga ishga kirishingiz qanday kechganini aytib bersangiz.

— Ilon Mask Tesla`ning Yevropadagi ilk gigazavodini qurish uchun bir qancha davlatlarni tanlamoqchi bo‘lgan. Bu uchun ko‘p davlatlar o‘zlarining ustun jihat va imkoniyatlari bilan chiqishgan. Lekin oxir-oqibat Ilon Mask Berlinni tanlagan. Yevropadagi birinchi Tesla zavodini qurish loyihasi uchun ular transport muhandisini izlashayotgandi. Men buni web-saytlarda ko‘rganman va bu imkoniyatdan unumli foydalanishga qaror qilganman. Ya’ni shu zavodni loyihalashtirishda men o‘z hissamni qo‘shishni istaganman. Shu sababli veb-saytda e’lon qilingan vakansiyalar uchun ariza to‘ldirganman. U paytda pandemiya edi, shu sababli suhbat onlayn tarzda bo‘lgan. Aksiga olib, men o‘sha vaqtda koronavirusga chalingan edim.

Ishga kirish 3 bosqichda bo‘lgan:

  1. Kadrlar bo‘limi bilan suhbatlashasiz, u umumiy savollarni beradi. Keyin, umumiy savol-javob orqali shaxsning profilini tuzadi.
  2. Undan so‘ng, agar siz biror bo‘limda ishlaydigan bo‘lsangiz, o‘sha yerdagi jamoa boshlig‘i bilan intervyu bo‘ladi.
  3. Jamoa boshlig‘i bilan suhbatdan so‘ng bo‘lim boshlig‘i, ya’ni boshlig‘ingizning boshlig‘i bilan suhbat bo‘lib o‘tadi. Unda mutaxassislikka oid masalalar bo‘ladi. Har xil savol-javoblar orqali natija aniqlanadi.

Natijada men Tesla`da fuqarolik inshootlarini qurish dizayni yo‘nalishidagi lavozimda ish boshlaganman.

— Siz bungacha ham dunyoning eng taniqli kompaniyalardan biri, Mercedes-Benz`da ishlagansiz. Nega Tesla`ga o‘tishga qaror qildingiz?

— Mercedes-Benz kompaniyasida mening soham va yo‘nalishim bo‘yicha bir qancha loyihalar bor edi. Men «Research and development» — izlanish va tadqiqot bo‘limida ishlardim. Bu ma’lumotlar sir saqlanadigan bo‘lim.

Bizning «CEO» miz, ya’ni, asosiy boshlig‘imiz almashganidan so‘ng, u tashkilotning umumiy yo‘nalishini o‘zgartirgan. Natijada mening sohamda dolzarb bo‘lgan mavzular ham qisqarishni boshladi. Masalan, men ish boshlaganimda sohamga doir loyihalar bir yilda 20 tacha bo‘lgan bo‘lsa, «CEO» almashgandan so‘ng, bu ko‘rsatkich 5−6 taga tushib ketgan. Shundan so‘ng, Tesla`da paydo bo‘lgan e’lon men uchun katta imkoniyat bo‘lgan. Shuni sabab qilib keltira olaman.

— Siz haqingizda ijtimoiy tarmoqlardan biror ma’lumot topish oson emas. Bunga qanday qaraysiz?

— Men kundalik hayotim borasida ijtimoiy tarmoqlarda uncha faol emasman. Bu uchun ancha vaqt kerak. Shu sababli, bunga har doim ham ulgurolmayman. Bundan tashqari, menimcha, men hali katta intervyularni berish darajasida bir ishni qoyil qilganman deyolmayman. Katta yutuqlarga erishsam, shu kabi intervyularni bemalol bersam bo‘ladi. Jumladan, bu ham mening ilk intervyuim. Hayajon bor. Hatto Ilon Mask bilan gaplashganimda ham bunchalik hayajonlanmagan edim.

— Kompaniyada qaysi vazifani bajarasiz?

— Tesla`dagi mening ishim zavodning ichki infratuzilmasini tashqi infratuzilmaga bog‘lash. Ya’ni, transport infratuzilmasini loyihalashtirish va Tesla`ning ichki trasport infratuzilmasini Brandenburg viloyatining tashqi infratuzilmasiga bog‘lash.

Bunga avtomobil yo‘llari, temiryo‘llar, yo‘lovchi tashish, yuk tashish, «parkovkalar», shuningdek, jamoat transporti va yo‘lovchilarning yoki piyodalarning zavod bo‘ylab harakatlari hamda velotransportni kiritish mumkin. Mana shu butun infratuzilmani loyihalashtirish va takomillashtirish vazifam hisoblanadi.

Masalan, yo‘l bilan qatnov bir-biridan farq qiladi. Uni istalgancha qurish mumkin. Lekin, uning ustidagi qatnovni hisobga olmasa, undan foyda yo‘q. Misol uchun, zavod oldiga juda ko‘p avtomobillar keladi. Ertalab soat 07:45 dan boshlab juda ko‘p transportlar harakatlana boshlaydi. Agar avtomobillar oqimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, juda katta tirbandlik hosil bo‘ladi. Bu oqimni nazorat qilish hisoblanadi. Yo‘lni qanday qurish kerak, qancha asfalt quyish kerak, qancha o‘lcham olish kerak, bu esa infratuzilma deyiladi. Mening vazifam mana shu transport infratuzilmasi va transport harakatini loyihalashtirish.

Bu yerda ertalab kunim esa 1 chashka kofe bilan boshlanadi. Tesla`da hozir ish jarayoni, qurilish ketmoqda. Bu hollarda suv kelmay qolishi yoki tok bo‘lmay qolishi mumkin. Lekin, kofe mashinasi har doim ishlaydi. Bu narsa bizda hamma uchun kun tartibiga aylangan.

Bundan tashqari, bizda kundalik uchrashuvlar bo‘lib turadi. Masalan, qiziqarli ma’lumotni keltirishim mumkin, nemis mentalitetidagi tashkilotlar bilan amerika mentalitetidagi tashkilotlar bir-biridan farq qiladi. Men avval nemis mentalitetidagi tashkilot — Mercedes-Benz`da, undan so‘ng esa Amerika mentalitetidagi tashkilot — Tesla`da ishlayapman.

Bitta katta farqli jihati shundaki, Tesla`da haftaning boshida, ertalab eng katta boshqaruvchi (Ilon Maskdan bir pog‘ona past lavozimdagi shaxs) motivatsion yig‘ilish o‘tkazadi. «Biz bu loyihani bajaramiz, biz mana buni amalga oshiramiz, qanday muammo yoki takliflar bo‘lsa aytinglar va h.k.» kabi fikrlar aytiladi. Men shu paytgacha ishlagan 8 ta tashkilotimda bunday voqealarni ko‘rmaganman. Undan keyin muhandislik yig‘ilishi bo‘ladi. (Zerikarli yig‘ilish bo‘ladi (kuladi)). U yerda muhandislik bo‘yicha keyingi vazifalar belgilab olinadi. Undan so‘ng yana bir yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Unda ba’zi loyihalarimizni muhokama qilamiz. Muammolar kuzatilsa, qanday yechim berish, qaysi yechim necha puldan tushishi, xullas shu kabi masalalar ko‘riladi.

Umuman olib aytganda, Yig‘ilish — Ish jarayoni — Yig‘ilish — Ish jarayoni — Oxirida hisobot.

Mercedes-Benz Museum. Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan.

— Ilon Maskga taqdimot o‘tkazgansiz deyishadi. Bu qanday bo‘lib o‘tgandi?

— Bu men uchun ham qiziq jarayon bo‘lgan. Aslida, Ilon Mask muhandislar bilan kamdan-kam to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv o‘tkazadi. Men 1 aprelda ishga kirganimdan keyin, may oyida Ilon Mask zavodga kelgan edi. Men bu vaqtgacha ancha ish qilib qo‘ygan edim. Chunki, shu paytgacha transport infratuzilmasiga javobgar mas’ul shaxs bo‘lmagan. Shu sababli, deylik, aynan shu yo‘nalish rivojlanishida bir qator turg‘unliklar bo‘lgan. Juda ko‘p chigalliklar, ochiq masalalar bor edi. Men shu masalalarni yig‘ib, o‘z potensial yechimlarimni ko‘rsatib, 15 slayddan iborat taqdimotimni tayyorlaganman.

Nima desam ekan, shu 20 kvadrat metrlik yig‘ilish xonasi. Stol atrofida 5 kishi edik. Men, Ilon Mask va boshliqlar. Men unda o‘z slaydimni tushuntirib berganman. Mana hozir transport infratuzilmasi qanday rivojlanyapti, qanday muammolar bor, qaysi joyda qanday yechimlar bor, xullas shular haqida gapirganman.

Biz bir jamoa bo‘lib ishlayapmiz. Kompaniya budjetidan pul ajratiladi, Mask esa bu pullar nimaga ketayotganini bilishi kerak.

Taqdimot o‘tkazish mening shaxsiy tashabbusim edi. «Bizda shunday muammolar bo‘lyapti, shularni ko‘rsataylik. Chunki, bu muammolar ertaga anchagina budjetga ta’sir qiladi. Mask bunga qanday qarashini bilish kerak» deb aytganman. Boshlig‘im ham bunga to‘g‘ri qaragan va Ilon Mask 3 kunga kelgan vaqtidagi uchrashuvlar qatoriga mana shu taqdimotni ham kiritishga rozi bo‘lgan. Shu bilan suhbat ham bo‘lib o‘tgan.

— Siz taqdimotda keltirib o‘tgan masalalar qanday edi, shuni ayta olasizmi?

— 3 ta mavzuni ayta olaman.

Bular:

  1. Avtomobil yo‘llari: ichki avtomobil yo‘llarini tashqi avtomobil yo‘llariga bog‘lash;
  2. Zavodning ichidagi piyodalar qatnovini (zavod ichida juda ko‘p yuk avtomobillari qatnaydi) to‘g‘ri loyihalashtirish. Agar bir joyda loyihada xato ketadigan bo‘lsa, piyodalar xavfsizligi darajasi tushib ketishi mumkin;
  3. Temiryo‘llar.

— Bunga Ilon Maskning reaksiyasi qanday bo‘lgan?

— Men uning reaksiyasidan oldin uning o‘zini biroz ta’riflamoqchi edim. Bu o‘quvchilarga ham qiziq bo‘lishi mumkin, OAVlarda ko‘rsatiladigan Ilon Mask bilan haqiqiy hayotdagi Mask umuman bir-biridan farq qiladi. Haqiqiy Ilon Mask haqiqiy «CEO» — boshliq. Uning gaplari, muloqoti, boshqaruvi haqiqiy professional «CEO»niki. U juda talabchan, aqlli va kuchli, shuningdek, qattiqqo‘l ham. Uni OAV da ko‘proq shou-biznesmenlarga o‘xshatib ko‘rsatishadi. Shaxsan men uchun bu farq katta yangilik bo‘lgan.

Masalan, men o‘tkazgan taqdimotda 15 ta slayd bo‘lsa, uning birinchi qismini, hozirgi holatni ko‘rsatayotgan paytimda u menga muammolarni ko‘rsatib, potensial muammolarni aytib bergan. Natijada menda keyingi 3 ta slayd bekorga ketgan (kuladi). Chunki, u buni bilarkan. Keyin boshqa muammolarni aytganmiz va suhbatni davom ettirganmiz.

— Bu muammolarga ko‘rilayotgan yechim sizning tavsiyalaringiz asosida ketdimi?

— Xuddi shunday. Chunki, loyihada kim javobgar shaxs bo‘la, uning yechimi bilan ketiladi. Asosan, 95% holatda transport muhandisining taklif qilgan yechimlari inobatga olinadi. Javobgar shaxsga to‘liq ishoniladi.

— Tesla`da ishlaydigan boshqa o‘zbekistonliklar bilan tanishmisiz? Masalan, oldinroq ushbu kompaniyada ishlaydigan Mushtariy Sharifova haqida OAVlarda yozilgan edi.

— Aslini olganda, Tesla`da yana bir Muzaffar ismli aka ham bor. Ular Tesla Fremont (Kaliforniya)da ishlaydi. Men buni qayerdan bilib qolganman, mening e-mail`imga adashib yozib yuborishardi. Xabar «Muzaffar Halkuziyev» nomiga kelar edi. Menga adashib kelgan xabar orqali buni bilib qolganman. Menimcha, yana izlab ko‘rilsa, yana o‘zbeklar chiqib qolsa ham kerak (kulib).

O‘zbekistonlik Mushtariy bilan esa tanishmiz. Bizda kompaniyaning ichki ijtimoiy tarmog‘i ham mavjud, shu orqali hozirda ham muloqot qilib turamiz.

— Agarda siz O‘zbekistonga qaytib kelsangiz, sizning bu sohadagi tajribangizni mamlakatda qo‘llash qanchalik samara beradi, deb o‘ylaysiz?

— Menimcha bu bilan O‘zbekistonda transport infratuzilmasini anchagina takomillashtirsa bo‘ladi. Ko‘p joylarda bu tuzilma optimallashtirilishi mumkin bo‘ladi. O‘z navbatida, transport infratuzilmasi yaxshilanishi sababli, transport qatnovi ham yanada xavfsizroq va unumliroq bo‘ladi. Agarda menda imkoniyat bo‘lganida, jamoat trasportlarini yanada rivojlantirgan bo‘lar edim.

— O‘zingiz topadigan daromadingizga Tesla sotib olgan bo‘larmidingiz?

— Ha, sotib olardim. Tesla juda zo‘r brend. Elektroavtomobil. Atrof-muhitni toza saqlashga hissa qo‘shadi. Hozir o‘zim ham jamoat transportidan foydalanaman. Shaxsiy avtomobilim yo‘q. Agar ehtiyoj bo‘lsa, albatta, Tesla sotib olaman.

— Hozirgi daromadingiz qancha (agar sir bo‘lmasa)?

— Ko‘pincha, chet eldagilarning buni oshkor qilmasliklari sababi aslida ular shartnomaga imzo chekkan bo‘ladi. Unga ko‘ra, daromadni aytish mumkin emas. Mening daromadim esa xarajatlarimga bemalol yetadi, shuni ayta olaman.

Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy arxividan

— Xorijga kelganingizdan so‘ng narsalaringizni yig‘ishtirib, ertaga O‘zbekistonga qaytaman deydigan holatlar bo‘lganmi?

— Har kuni bo‘ladi (kuladi). Birinchi navbatda, oilam, shirin jiyanlarimni ko‘rgim keladi.

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi?

— Ular buni to‘la qo‘llab-quvvatlashgan. Lekin, «parda ortida» nimalar bo‘lganini bilmayman.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— Bir joyda to‘xtab qolmasdan yana davom etish kerak, deb o‘ylayman. O‘zbekistonga qaytishim esa 2 yilda noaniq, 5 yilda esa aniq, deyishim mumkin (kulib).

— O‘zbekistondagi qaysi tizim siz hozir bo‘lib turgan hududda ham bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi, deb hisoblaysiz?

— Yana ta’lim sohasiga qaytaman. Professorlarning ma’ruza matnlarini bermasligi. Germaniyada ular mavzu beradi, manba beradi. Qolgani talabaning o‘ziga qoladi. Ijtimoiy tarmoqlarda mem bo‘lib ketgan hazillar ham bor: Ya’ni, dars davomida «2+2=4» ni o‘tgan o‘qituvchilar imtihon vaqtida «Differensial tenglik bilan integralning limitini hisoblab ber» deydi.

O‘zbekistonda esa mana shu tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, ma’ruza matnlari, ta’lim dasturi va imtihon bir-biriga mos tushadi. Bu yerda esa mana shu jihatdan menimcha tizim tartibga solinishi kerak. Bir tarafdan bu to‘g‘ri ham bo‘lishi mumkin. Lekin, bu juda ko‘p vaqt oladi.

— Ayni vaqtda O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz, kichik yoshdagilar va umuman xorijga o‘qishga bormoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Avvalo aniq maqsad bo‘lishi kerak. Agarda, magistr uchun o‘qishga kelayotgan bo‘lsangiz, bakalavrdagi natijalarni yaxshilash kerak. Bakalavrda olingan bilim va natijalar yaxshi bo‘lsa, bu yerda davom ettirib ketish oson bo‘ladi.

Bitta bajarish shart bo‘lgan jihat: Ketish jarayonida juda ko‘p hujjatbozlik, rasmiyatchilik bo‘ladi. Shunga kuchli izchillik bilan amal qilish kerak.
Bitta voz kechish kerak bo‘lgan jihat: Yaqinlarning tabassumi.

Foto: Muzaffar Hamroyevning shaxsiy Instagram sahifasidan

Qisqa savol-javoblar

— Erta turishga qiynalasizmi?

— Yo‘q, odatda «budilnik"siz ham erta uyg‘onaveraman.

— Nimadan afsuslanasiz?

— O‘qish vaqtida yo‘qotilgan vaqtlardan. O‘sha vaqtlarda undan boshqacha foydalansa ham bo‘lardi.

— Xorijda sizni nima tushkunlikka tushirib qo‘ygan?

— Hozirgacha tushirib qo‘yadi. Bu — ob-havo. Quyoshli kunlar kam.

— 10 yil ortga qaytish imkoniyati bo‘lsa, qaysi xatoyingizni takrorlamagan bo‘lardingiz?

— Buni aytish qiyin bo‘lsa kerak.

— 5 yildan so‘ng Muzaffar Hamroyev o‘zini qayerda ko‘radi?

— O‘z oilasi bilan birga bo‘lgan holatda.

— Agarda tilla baliq tutib olsangiz, undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— 34 million aholi uchun BAXT.

— O‘z maqsadlaringizning qancha qismiga erishdim, deb o‘ylaysiz? 1 dan 10 gacha.

— Odam har kuni o‘z oldiga maqsad qo‘yadi va bu o‘zgarib boraveradi. Lekin, aksar qismiga erishganman deb o‘ylayman. Yarmidan ko‘pi bajarilgan deyish, mumkin.

Mushtariy Oqboyeva suhbatlashdi.