Toshkent viloyatining Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishga ixtisoslashgan otryadlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirilishi, 2022 yil davomida FVV Respublika maxsus qutqaruv markazini INSARAG (qidiruv-qutqaruv masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat guruhi) standartlari asosida tayyorgarlikdan o‘tkazish belgilanmoqda.

Shuningdek, o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish tadbirlari samaradorligini oshirish maqsadida Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida FVVning o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishga ixtisoslashgan otryadlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, FVVning aviatsiya xizmatini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Bunda 2022 yil sentabr oyiga qadar tegishli normativ hujjatni ishlab chiqish belgilangan.

Bundan tashqari, respublikaning turistik zonalarida favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish hamda aholini tezkor xabardor qilish tizimi modernizatsiyalashtiriladi. Bunda «Chorvoq-Chimyon» yirik turistik zonasida ilg‘or xorijiy tajriba asosida, Bo‘stonliq tumanidagi FVVning yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari negizida ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli boshqarma tashkil qilinadi.

Respublikaning olis hududlarini professional va ko‘ngilli yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari bilan qamrab olish ko‘rsatkichini yaxshilash uchun loyihada qutqaruv kuchlari mavjud bo‘lmagan, xavf manbai yuqori hududlardagi yirik aholi punktlarida sentabrgacha yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini tashkil etish ham maqsad qilingan. Yong‘in-texnik vositalarni ishlab chiqarish uchun xususiy sektorni jalb etish ko‘zda tutilgan.