O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot davomida Qozog‘istonning barqarorligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida doimo qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

OTM, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til 24 yanvargacha uzaytirildi

OTM, kollej va akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishqi ta’til 24 yanvargacha uzaytirildi. Avia va temir yo‘l chiptalariga 50 foizlik chegirma muddati ham uzaytiriladi, xarid qilingan chiptalar esa bepul tarzda boshqa sanaga almashtirib beriladi.

Maktablarda qishki ta’til odatdagidek davom etadi

XTVning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, maktablarda qishki ta’til odatdagidek davom etadi, 11 yanvardan uchinchi chorak boshlanadi. Qishki ta’til uzaytirilishi faqat oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilariga taalluqli.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qildi

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqotda Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qilishdi hamda tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirishdi.

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qildilar

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari telefon orqali muloqotda Qozog‘istondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solishga chaqirib, zo‘ravonlik va keskinlashuvning oldini olish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari vatandoshlar bilan doimiy aloqada — TIV

O‘zbekiston TIV Qozog‘istonning Nur-Sultondagi elchixona, Olma-ota va Aqtaudagi Bosh konsulxonalar odatdagi tartibda faoliyat yuritayotgani hamda o‘zbekistonliklar, shu jumladan, talabalar bilan doimiy muloqot o‘rnatilganini ma’lum qildi. Qo‘shni davlatdagi vatandoshlardan joriy etilgan cheklovlarga amal qilish so‘raldi. Nur-Sulton, Olmaota va Aktaudagi diplomatik vakolatxonalarning telefon raqamlari e’lon qilindi.

Chigit ishi: Biznes-ombudsman Qashqadaryo hokimligini ogohlantirdi

Biznes-ombudsman Qashqadaryodan samarqandlik tadbirkorning 100 tonna chigit mahsuloti chiqarilmayotgani holati yuzasidan viloyat hokimligini «tadbirkorlarning huquqlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirdi». Kompaniya vakili hujjatlarida muammo yo‘qligiga va chigit og‘zaki topshiriq bilan ushlab turilganiga ishontirmoqda.

Qashqadaryo hokimligi haydovchisi yo‘l qoidalarini qo‘pol tarzda buzdi

Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari xizmat mashinasi ekanligi aytilayotgan Trailblazer haydovchisi YPX xodimlari ko‘z o‘ngida uchta yo‘l harakati qoidasini buzdi. Video internetda e’lon qilinganidan so‘ng, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yilgan. Mashina oynalari ham ruxsatsiz qoraytirilgani ma’lum bo‘ldi.

Sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishida 26 kishi sud qilinmoqda

Qarshi shahrida sport ustasi Elbek Rahimovning o‘ldirib ketilganiga oid jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlandi. Jami 26 kishi — qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir va yengil tan jarohatlari yetkazish, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, odam o‘g‘irlash, pora olish va berish, aybsiz kishini javobgarlikka tortish, yolg‘on guvohlik berish, jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish, bezorilik moddalari bilan sudlanmoqda.

Bir qator tovarlar, jumladan, go‘sht, sariyog‘ va un importi bo‘yicha bojlar bekor qilindi

Prezident qarori bilan besh turdagi tovarlar, jumladan, go‘sht, yog‘, un, sovun va boshqalarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlari stavkalari bekor qilindi. Hozirda ushbu tovarlar uchun stavkalar 5% dan 20% gachani tashkil etadi.

O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz eksportini qayta tiklashni rejalashtirmayapti — Energetika vazirligi

O‘zbekiston COVID-19 pandemiyasi boshidan beri to‘xtatilgan Rossiyaga tabiiy gaz eksportini qayta tiklashni rejalashtirmayapti. Hozircha gaz Xitoyga yetkazib berilmoqda. Avvalroq, 2025 yilga borib tabiiy gaz eksporti to‘liq to‘xtatilishi ma’lum qilingandi.

Bo‘stonliq va Zominda o‘rmon yong‘inlariga qarshi otryadlar tashkil etilishi mumkin

Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga ko‘ra, Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida FVVning o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishga ixtisoslashgan otryadlari tashkil etiladi. Qolaversa, 2022 yilda vazirlikning aviatsiya xizmati faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Ëng‘in-texnik vositalarini ishlab chiqarishga esa xususiy sektor jalb etiladi.

O‘zbekistondan tuxum eksporti to‘xtatilgani aytildi, Veterinariya qo‘mitasi buni rad etmoqda

Hukumat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 1 aprelga qadar tovuq tuxumi eksportiga taqiq o‘rnatdi. Ayrim tadbirkorlar ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga, ayrimlari esa mahsulotni tannarxida sotishiga to‘g‘ri kelmoqda. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda tuxum eksportiga taqiq joriy qilinmaganini ta’kidlamoqda.

Navoiyda oltin qazib olayotgan 5 nafar fuqaroni qum bosib qoldi

Konimex tumanida noqonuniy tarzda oltin qazib olayotgan 5 nafar buxorolik qum bosib qolishi oqibatida vafot etgan. Ta’kidlanishicha, ular qum ostida 10 kundan ko‘proq qolib ketishgan.

Samarqandda fuqaro qo‘shnisining boshiga bolta bilan urib, o‘ldirgani aytilmoqda

Urgut tumanidagi «Dehqonobod dehqon bozori» yaqinida 29 yoshli fuqaro qo‘shnisining bosh va bo‘yni sohasiga temir bolta bilan urib, o‘ldirib qo‘ygani aytilmoqda. Gumondor protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hunarmandlarga 225 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi

2022 yilda hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, hunarmandlarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 mln so‘mgacha kredit beriladi. Ular mablag‘larni naqd pul ko‘rinishida olishi ham mumkin.

O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yaratish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda «fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish» maqsadida milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. 2018 yil dekabrida MobiUz mobil operatoriga «kriptografik himoyalangan birinchi milliy UzChat messenjeri»ni joriy etish vazifasi yuklatilgandi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

«Ilon Mask uchun taqdimot o‘tkazish shaxsiy tashabbusim edi» — Tesla gigazavodi muhandisi Muzaffar Hamroyev bilan suhbat

«Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasining navbatdagi mehmoni — Ilon Mask asos solgan Yevropadagi Tesla gigazavodida ishlovchi Muzaffar Hamroyev. Biz undan nega o‘qishni Germaniyada davom ettirgani, u yerdagi ta’lim sifati, Tesla`ga ishga kirishi qanday bo‘lgani, Ilon Mask uchun o‘tkazgan taqdimoti qanday natija bergani, xorijdagi qiyinchiliklar va O‘zbekistondagi yoshlarga beradigan maslahatlari haqida so‘radik.

Qozog‘istondagi ikkihokimlikning intihosi va ODKB debyuti

Tinch namoyishlarning ommaviy tartibsizliklarga aylanishi dialog tuza olmagan jamiyat va hokimiyat o‘rtasida chuqur jarlik mavjudligini anglatadi. Xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassisi Yuriy Saruxanyan Qozog‘istondagi siyosiy inqiroz haqida.