Samarqand viloyatida fuqaro o‘zaro kelishmovchilik sabab qo‘lidagi temir bolta bilan qo‘shnisining bosh va bo‘yin sohasiga ikki marta urib, o‘ldirib qo‘ygani aytilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, voqea 31 dekabr kuni Urgut tumanida joylashgan «Dehqonobod dehqon bozori» yaqinida, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan sodir etilgan.

«Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan, jabrlanuvchi 3 yanvar kuni vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangani aytilmoqda.