6 yanvarga o‘tar kechasi bitkoin narxi 43 000 dollardan tushib ketdi. Bu haqda CoinMarketCap ma’lumotlariga tayanib Spot xabar berdi.

Toshkent vaqti bilan soat 16:26 bitta token narxi 42 886 dollarga teng edi. Bir sutka oldin bitkoin narxi 46 460 dollar darajasida edi, ya’ni qulash 7% atrofida bo‘lgan.

Toshkent vaqti bilan soat 3:30 da esa bitkoin narxi 42 800 dollargacha tushib, dunyoning birinchi kriptovalyutasi jami kapitalizatsiyasi 817 mlrd dollargacha qisqardi.

Ekspertlar qozog‘istonlik maynerlar tomonidan bitkoin ishlab chiqarish quvvatining pasayganligini ma’lum qilishdi. 1THash maynerining xeshreyti eng ko‘p zarar ko‘rgan bo‘ldi — 82% pasayish, OKExPool esa 46,3% ga pasaydi.

5 yanvar kuni Qozog‘istondagi namoyishlar va tartibsizliklar sababli internet ommaviy ravishda cheklandi. Tahlilchilar buning oqibatida bitkoin xeshreyti qulashi mumkinligini ta’kidlagan edilar.

Hozirda Qozog‘iston dunyo bo‘yicha bitkoin mayningining 18%ni ta’minlaydi, bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Xitoyda kriptoaktivlar almashinuvi bo‘yicha taqiqlar qo‘yilgach, ko‘plab maynerlar aynan Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishgan edi, buning oqibatida esa mamlakatda elektroenergiya tanqisligi yuzaga keldi.

Boshqa kriptoaktivlar kursi ham pasaygan — masalan, efir 9,4% ga arzonlashib, 3450 dollargacha tushgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ularning qulashiga AQSh FRTning asosiy stavkani oshirishi kutilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumot ta’sir qilgan.

Noyabr oyining boshida bitkoin eng qimmat kursiga yetgandi — 68 000 dollardan ortiq. Biroq undan keyin kriptovalyuta kursi qisqarishni boshladi. Dekabr oyi boshida bir tokenning narxi 47−49 ming dollarga teng edi.

Eslatib o‘tamiz, 2 yanvar kuni Mangistau viloyati Janaozen shahrida suyultirilgan gaz narxi oshirilganidan so‘ng boshlangan namoyishlar Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton shahriga va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqala boshladi.

4 yanvar kuni Mangistau viloyatida narxlar pasaytirilganligi e’lon qilindi, biroq bu namoyishlarni to‘xtatmadi. Namoyishchilar ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiy talablarga o‘tishdi. Chorshanbaga o‘tar kechasi namoyishchilar Olmaota ko‘chalarida yurish qilishdi, politsiya nurli va shovqinli granatalardan foydalandi.

Voqealar rivojida Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqdi, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egallab, Nursulton Nazarbayev iste’foga chiqdi.

Mamlakat prezidenti tartibsizliklarni xalqaro terroristik agressiv harakat deb atadi va KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlaridan yordam so‘radi. U aksilterror operatsiya boshlanganini ma’lum qildi va Olmaotada aeroport qo‘lga olinganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar yaqinida Mudofaa vazirligining havo-desant bo‘linmalari bilan jang ketmoqda.

Shundan so‘ng, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘iston prezidenti murojaatidan so‘ng, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida «Kollektiv tinchlikparvar kuchlarni vaqtinchalik missiya bilan yuborishga» qaror qildi.