2022 yil aprel oyigacha “E-patrul” tizimi joriy etilib, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish tartibi bekor qilinishi mumkin. Bu 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.

Loyihaning 16-maqsadiga ko‘ra, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish vazifalari belgilanmoqda.

Shunga muvofiq, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish tartibi bekor qilinadi hamda barcha ma’lumotlar voqea joyida “E-patrul” tizimi orqali tekshiriladi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari patrul-post xizmati xodimlarining faoliyati “bodikamera” yordamida nazorat qilinadi. Patrul xizmatini avto va motopatrul shakliga o‘tkazish orqali naryadlarning mobilligini va hodisa joyiga tezkorlik bilan yetib borishini ta’minlash ko‘zlangan.

sentabr oyigacha ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar “yaxlit platforma” doirasida “yuvenal profilaktika klasteri” tizimi yaratiladi.

Shuningdek, oilada shaxsni ruhiy tushkunlikka olib keluvchi omillarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etish tizimi yaratilib, aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Strategiya doirasida 2022 yil noyabr oyigacha jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar berish va ularni ro‘yxatga olishning “E-huquqbuzarlik” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Bunga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 8 mlrd so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga, avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish, harakat ishtirokchilarining barchasi yo‘llarda xavfsiz harakatlanishi hamda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsizlikni ta’minlashda jamoatchilik ishtiroki uchun sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi 2022−2026 yillarda bajarilishi mo‘ljallangan dastur ishlab chiqiladi.