2021-yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga qiymati 115,3 mln dollariga teng bo‘lgan 308,4 mln litr avtomobil benzini import qilingan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Benzin importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112 mln litrga yoki 36,3 foizga oshgan.

O‘zbekistonga benzinning asosiy qismi Rossiya (145,3 mln litr) va Turkmaniston (141,2 mln litr) davlatlaridan import qilingan. Shuningdek, Qozog‘iston (16 mln litr), Iroq (3,6 mln litr) va Erondan (1,8 mln litr) ham mamlakatga benzin olib kelingan.

2021-yilning 11 oyi davomida O‘zbekistonda 1 mln tonnadan ziyod benzin ishlab chiqarilgan.

2021-yilning sentabr oyida “Gazeta.uz” O‘zbekiston tarixida ilk bor Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan AI-98 markali benzin ishlab chiqarilgani haqida xabar bergandi. 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Davlat statistika qo‘mitasining sentabr oyi маълумотларига ko‘ra, yil boshidan beri benzin narxi 28,2 foizga, propan esa — 27,3 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekiston 9 oyda 289 mln litr avtomobil benzini import qilgani haqida xabar berilgandi.