2022 yilning may oyigacha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyatini xalqaro tashkilotlarning so‘z va matbuot erkinligi sohasidagi tavsiyalari asosida qayta tashkil qilinadi. Bu 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.

Bunda, agentlik mavjud shtat birliklari hamda mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdorini o‘zida saqlab qoladi.

Shuningdek, AOKA boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil hamda Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor bo‘ladi. Qolaversa, noyabrga qadar esa axborot sohasini tartibga solishga qaratilgan mavjud qonunlarni O‘zbekiston Axborot kodeksi shaklida unifikatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarkibiga o‘tkaziladi.

Loyihada davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi hamda matbuot kotiblari faoliyati samaradorligi reytingini tuzish ham ko‘zda tutilgan. Bu orqali sohada yuqori natijalarga erishgan tashkilotlar matbuot kotiblarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

Mazkur o‘zgartishlarni o‘z ichiga olgan prezident farmoni loyihasi 14 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyulidan beri AOKAga Asadjon Xodjayev rahbarlik qilib kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, prezidentning 2019 yil 2 fevraldagi [PF-5653-con] farmoni bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgandi. Shu kuni imzolangan prezident [PQ-4151-son] qarori bilan uning tarkibiy tuzilmasi belgilab berilgandi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 11 iyundagi [274-son, hozirda o‘z kuchini yo‘qotgan] qarori bilan takomillashtirilgan.