Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasidagi avtomobil-tramvay tunneli devorlaridan suv sizib chiqayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston temir yo‘llari AJ izoh berdi.

Mazkur majmua qurilishi uchun davlat budjetidan 143 mlrd so‘m sarflangan bo‘lib, 31 dekabr kuni foydalanishga topshirilgandi. Loyiha O‘zbekiston temir yo‘llari «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshirilgan.

Izohda ta’kidlanishicha, mazkur yo‘l o‘tkazgich qurilishida loyihaga ko‘ra asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlangan. «Samarqand shahri aholisiga yangi yil bayram tadbirlari davrida tirbandlikni oldini olish va transport vositalari harakatlanishiga qulaylik yaratish maqsadida yo‘llar ochib berilgan bo‘lib, obodonlashtirish va suv qochirish, irrigatsiya tarmoqlarida hali qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.

«Tennel qismining devorlaridan suv o‘tish holati hali qurilish ishlari davom ettirilayotgan suv qochirish-irrigatsiya tizimidagi lotoklarga har xil turdagi tiqilishlar oqibatida yuzaga kelgan», — deyiladi izohda.

O‘zbekiston temir yo‘llarining ishontirishicha, «tunnel devorlariga o‘rnatilgan plitalar „quruq montaj“ usulida ishlangan bo‘lib, ularning orasidan suv o‘tishi yo‘l o‘tkazgichning konstruktiv elementlari mustahkamligiga salbiy ta’sir etmaydi».

Loyiha yechimiga ko‘ra ushbu transport yechimi qurilishi doirasida yomg‘ir suvlarini qochirish uchun nasoslar o‘rnatilishi va oraliq qurilmalar tutashish joyida asfalt qoplamasini kesib, deformatsion choklar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Yaqin kunlarda ushbu ishlar to‘liq yakunlanib, yuzaga kelgan noxush holatlar bartaraf etilishi qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tunnel qurilishi 2022 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan oldin shahar ko‘chalarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar doirasida amalga oshirilgandi.