3 yanvar kuni Qallibek Kamalovning rafiqasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator Murat Kamalovning onasi Lyubov Semyonovna Kamalova 95 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.

Jo‘qorg‘i Kenges raisining o‘rinbosari Atabek Davletov, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Qahraman Sariyev marhumning oila a’zolariga ta’ziya bildirgan.

U 1927 yilda Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. U uzoq yillar davomida oliy ta’lim muassassalarida faoliyat olib borgan.

Lyubov Semyonovna 1949 yilda Qallibek Kamalov bilan turmush qurib, 3 farzandni — Polatbek, Murat va Tamarani dunyoga keltirgan.

Ma’lumot uchun, Lyubov Kamalovaning umr yo‘ldoshi Qallibek Kamalov hozirda 96 yoshda bo‘lib, u 1959−1963 yillarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, 1963−1984 yillarda viloyat partiya qo‘mitasining birinchi sekretari, 1984−1986 yillarda Ruminiyaning Konstansa shahrida bosh konsul lavozimlarida ishlagan.

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.