O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirish va zamonaviy AKTlarni keng joriy qilish rejalashtirilmoqda. Bu 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.

Unga muvofiq, 2022 yilning aprelidan O‘zbekistonning xorijdagi yangi Bosh konsullik muassasalari Rossiyaning — Samara, Astraxan, Tula, Kaliningrad va Nijniy Novgorod, Qozog‘istonning — Chimkent, Chexiyaning — Praga, Kanadaning — Ottava, Koreya Respublikasining — Pusan shaharlarida ochiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi — Sankt-Peterburg, Vladivostok, Qozon, Rostov-Don, Novosibirsk va Yekaterinburg, AQShning — Nyu-York, Germaniyaning — Frankfurt-Mayn va Turkiyaning — Istanbul shaharlarida joylashgan Bosh konsulxonalarida xodimlar sonini oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Rossiyaning Moskva shahridagi, Polshaning Varshava shahridagi hamda BAAdagi elchixonalar shtat jadvallariga bittadan yangi konsul shtat birligi kiritilishi ko‘zda tutilgan.