O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari (MET) va Afg‘oniston Milliy elektr kompaniyasi Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) 2022-yilda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzoladi, deb xabar berdi DABS.

Hujjatga ko‘ra, Afg‘onistonga yil davomida 100 mln dollarlik 2 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkaziladi.

Shartnoma ikki kunlik muzokaralardan so‘ng, O‘zbekiston MET raisi Dadajon Isaqulov va DABS bosh ijrochi direktori Hafiz Muhammad Amin tomonidan imzolandi.

Kelishuvga DABS rahbariyati delegatsiyasi va Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillarining Toshkentga tashrifi natijasida erishildi. Avvalroq xabar qilinganidek, tomonlar “500 kVli Surxon-Puli-Xumri” investitsiya loyihasini amalga oshirishni muhokama qilish jarayonlarini qayta tiklashgandi.

Afg‘oniston nomidan delegatsiya O‘zbekiston bilan to‘xtab qolgan loyihalarda hamkorlik qilishga va’da berib, ularni amalga oshirishda xavfsizlikni ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi, deyiladi DABS xabarida.

oktabr oyida Afg‘oniston energetika kompaniyasining O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Eronga elektr energiyasi uchun 51 mln dollardan ortiq qarzi borligi xabar qilingan edi. Biroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston muvaqqat hukumati elektr energiyasi bo‘yicha qarzini to‘liq qoplash majburiyatini olgan va O‘zbekiston “bir soat ham” Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmagan.