1 yanvar kuni Toshkentning Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida spirtli ichimlik ta’siri ostidagi Matiz haydovchisi YTH sodir etdi. Bu haqda Toshkent IIBB xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi Sobirjon N. (1967 y.t.) boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, 2 ta Nexia-2 bilan to‘qnashgan.

YTX natijasida Nexia-2 haydovchisi Ravshan K., yo‘lovchilardan 7-sinf o‘quvchisi Z.T., 2-sinf o‘quvchisi F.K., bog‘cha tarbiylanuvchisi I.K., F.K. (1987 y.t.) hamda O.K. (2021 y.t.) hamda Matiz haydovchisi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirda tergov davom etmoqda.