Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning og‘zaki topshirig‘iga binoan viloyat chegaralaridagi yo‘l-patrul xizmati postlaridan chigitni Samarqand viloyatiga olib o‘tish taqiqlangan. Bu haqda Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi, senator Gavhar Alimova ma’lum qildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi saytida 2 yanvar kuni Gavhar Alimovaning «Qashqadaryoning yozilmagan qonuni bormi?» sarlavhasi ostidagi murojaati e’lon qilindi. So‘z boshida hokim «Qashqadaryo viloyatiga mamlakatning barcha viloyatlarida amal qilinayotgan qonun va qoidalarga nega amal qilinmayapti?» degan savol bilan yuzlandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘onda qariyb 100 ta ish o‘rni yaratgan Marokand gold oil extraksiya korxonasi muammoga duch kelgan. 28 dekabr kuni kompaniya rahbari Saydin Ro‘ziyev shahar hokimiyatiga kelib, tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan Samarqandga olib kela olmayotganini ma’lum qilgan.

Tadbirkor uning yuklarini ikki viloyat chegarasida YPX xodimlari «Qashqadaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayevning topshirig‘i asosida ushlab turishganini aytgan.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi.

«Men Nodir Xudoyberdiyevichning raqamini topib, telefon qildim. Bir necha bor qilgan qo‘ng‘iroqlarimga javob bermagandan so‘ng SMS orqali telefonimni ko‘tarishini iltimos qildim. Bir necha marta urinishlardan so‘ng va nihoyat Nodir Xudoyberdiyevich bilan telefon orqali bog‘lanib, chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan o‘tkazishga yordam qilishini iltimos qildim. «…opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman», dedi Nodir Xudoyberdiyevich, — deya so‘zlab berdi Kattaqo‘rg‘on hokimi.

Gavhar Alimova shundan so‘ng viloyat hokimi Murotjon Azimovning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib, vaziyatni tushuntirgan va chigitni qo‘yib yuborishini iltimos qilgan. Viloyatning yangi hokimi esa «masalani o‘rganib chiqib ma’lum qilaman», deya javob qilgan.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi.

«Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning Telegram`iga tashlab berdim. Javob bo‘lmagandan so‘ng Telegram va qo‘l telefoniga SMS`lar yozdim, afsuski hech qanday javob olishning iloji bo‘lmadi», — dedi u.

Oradan 3 kun o‘tib, 2 yanvar kuni tadbirkorga chegaradan yuk ortilgan mashinalarini olib ketishini so‘rab Farhod va Jahongir deb o‘zini tanishtirgan YPX xodimlari telefon qilishgan.

«Tadbirkor Saydin Ro‘ziyev bundan xursand bo‘lib, menga telefon qildi. Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Tadbirkor menga telefon qilib YPX xodimlari viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Xudoyberdiyevich ruxsat bermayotganligi vajidan yuk mashinalarini qo‘yib yubora olmasliklarini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, men yana janob Nodir Xudoyberdiyevichga qo‘ng‘iroq qilganimda: „…xozirgina viloyat hokimi bilan gaplashdim, chigitni qo‘yib yuborishga hech qanday ruxsat yo‘q. Opajon ming afsus men yuk mashinalarini qo‘yib yubora olmayman“, dedi», — deya so‘zlab berdi hokim.

Gavhar Alimova Jahongir ismli YPX xodimining so‘zlariga tayanib, «ular topshiriqni bajarayotganini» aytdi. Uning so‘zlariga qaraganda, «YPX xodimlari telefon qilib, yuklarni olib ketishi mumkinligini aytgani» so‘roq ostida qolmoqda.

«Men 100 tonna chigitni olib o‘tish uchun 4 kun sarson bo‘ldim. Achinarlisi murojaatimga va yozgan SMS`larimga viloyat hokimi „ha“ yoki „yo‘q“ deb javob berishi shunchalik ham qiyin bo‘ldimi? Yangi yil bayrami tadbirkorga, haydovchilarga va menga ham, afsuski, tatimadi. Axir bitta shahar hokimi 100 tonna chigitni o‘tkazish uchun 4 kun bezovta bo‘lishini qanday izohlash mumkin? Men shaxsiy manfaatim uchun jon kuydirayotganim yo‘q-ku», — deya ta’kidladi hokim.

Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Murotjon Azimovdan javob kutayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Gazeta.uz» Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatidan izoh olish maqsadida murojaat qilganida, «masala puxta va har tomonlama o‘rganilayotganini» ma’lum qilishdi.

Birinchi marta emas

2020 yilning noyabrida Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarining og‘zaki ko‘rsatmasiga binoan postlardagi yo‘l patrul xizmati tomonidan paxta chigitini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishni taqiqlangandi. Antimonopoliya qo‘mitasining aralashuvidan so‘ng, taqiqlar olib tashlangan edi.

Bunga qadar, Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani haqida yozgandik. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.