Shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha Varshavada o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar 2 yanvar kuni O‘zbekistonga qaytib keldi.

3 yanvar kuni esa Milliy Olimpiya qo‘mitasida ularni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati.

Rapid bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti, ikki xonali uy kaliti va 250 mln so‘m pul mablag‘i topshirildi.

Qolaversa, Turizm va sport vazirligi tomonidan chempionatda qatnashgan Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidovlarga 50 mln so‘mdan pul mukofotlari berildi.

Jahon chempionining murabbiylari Jahongir Vohidov hamda marhum Dmitriy Qayumovning oilasiga 100 mln so‘mdan pul ajratildi.

Nodirbek Abdusattorovning oilasi. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Tadbirda so‘zga chiqqan, Nodirbek Abdusattorovning otasi o‘g‘lini tadbirma-tadbir ovora qilmaslikni so‘rab, u yangi marralarni egallashi uchun hali ko‘p mehnat qilishi lozimligini ta’kidladi. «Bugun O‘zbekistonda mendan baxtli ota yo‘q… Agar tadbirma-tadbir yuradigan, uni ko‘p vaqtini oladigan bo‘lsak, biz mana shunday muvaffaqiyatlarga erisha olmaymiz», — dedi u.

Milliy olimpiya qo‘mitasidan so‘ng, «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida ham jahon chempioni bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati.