Prezidentning 31-dekabrdagi “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2022-yil 1-dekabrga qadar Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi. Kodeksni keng jamoatchilik, ilmiy-tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etgan holda ishlab chiqish belgilangan.

Loyiha quyidagilarni nazarda tutishi lozim:

  • ekologiyaga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va ixchamlashtirish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazoratining roli va ta’sirini oshirish;
  • bioxilma-xillikni asrash, tiklash va ko‘paytirishning aniq mexanizmlari va rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilishda davlat tashkilotlari va fuqarolarning huquq va majburiyatlari;
  • ekologik nazorat va monitoring turlarini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, “yashil iqtisodiyotni” rag‘batlantirish choralari;
  • ekologik ekspertizani amalga oshirish tartibi.

Bundan tashqari, hujjat bilan 1-fevraldan boshlab viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tashkil etiladi.

Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.

Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasidaa 3 nafar xodimdan iborat bo‘lgan Ekologik nazorat bo‘limi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, bundan buyon Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi a’zosi hisoblanadi.

Viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari boshliqlari Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan bevosita lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Avvalroq, Daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgani haqida yozgandik. Endilikda noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga olib yuborganlarga ham pul to‘lanadi.