Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 dekabr kuni «Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi.

Belgilansinki, moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda:

Huquqbuzarlarga:

  • moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga;
  • daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi;

Moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimidagi darajasi — reyting bahosi bir pog‘ona pasaytiriladi. Bunda:

  • darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil mobaynida darajasini (reyting bahosini) ko‘tarish imkonidan mahrum bo‘ladi;
  • darajasini (reyting bahosini) bir pog‘onaga pasaytirish imkoni bo‘lmagan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil muddatga qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingidan to‘liq chiqarib tashlanadi.

Shuningdek, yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno);

Qolaversa, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning sentabrida Ekologik partiya hukumatdan daraxtlarning ayrim turlariga yarim yillik moratoriy e’lon qilishni so‘ragandi.

Shundan so‘ng, sentabr oxirlarida bosh vazir topshirig‘i bilan 1 fevralga qadar o‘rmonlardan tashqaridagi daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu vaqt davomida daraxt va butalarni parvarishlar, kaltalatik va kesish me’yorlari qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

Moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, 2020 yil noyabr holatiga 7854 tup daraxt noqonuniy kesilib, tabiatga 9,787 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.

2021 yilning yanvar oyida esa Davlat ekologiya qo‘mitasi 2020 yilda noqonuniy daraxt kesilishi bilan bog‘liq jami 3 960 ta huquqbuzarlik aniqlanganini ma’lum qildi. Noqonuniy daraxtkesarlarning 136 nafari mansabdor shaxs bo‘lgan.

Fevralga kelib, prezident farmoni bilan daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriy muddati 2021 yil yakunigacha uzaytirildi. Bundan tashqari, noqonuniy kesilgan har tup daraxt uchun 100 tup ko‘chat ekish va ularni 3 yil parvarishlash majburiyati yuklatiladi.

Avgust oyida esa prezident topshirig‘iga ko‘ra, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi aytildi.

sentabrda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi haqida ma’lum qildi.