2022 yil 1 apreldan boshlab daraxt kesishga oid huquqbuzarliklar haqida foto va videolarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning bir baravariga (270 ming so‘m) teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bu prezidentning 31 dekabrdagi farmonida o‘z aksini topgan.

Hujjatga ko‘ra, aholi tomonidan yuborilgan daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi surat va videolar — maxsus avtomatlashtirilgan texnika vositalari orqali qayd etilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng, kelib tushgan xabarlar bo‘yicha rag‘batlantirish amalga oshirilmaydi:

  • rag‘batlantirish huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;
  • huquqbuzarlik holati bo‘yicha fotosurat, videoyozuv va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • rag‘batlantirish mablag‘lari undiriladigan jarimalarning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan qoplab beriladi.

Farmonga muvofiq, huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar «102» tezkor qisqa raqami yoki «Ekonazorat» axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasiga IIV va Bosh prokuratura bilan birgalikda ikki oyda davlat ekologik nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va IIV bilan birgalikda 2022 yil 1 sentabrga qadar quyidagilar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan «Yashil makon» platformasini ishga tushiradi:

  • hududlarning tuproq-iqlim xususiyatlari, ularda mavjud daraxtlar soni, turi va joylashuvi, shaharlarning ko‘kalamzorlashtirilganlik darajasi;
  • aniq hudud (tuman (shahar), mahalla va yer uchastkasi) kesimida aholining shaxsiy tashabbusi asosida daraxtlar ekilishi mumkin bo‘lgan manzillar va daraxtlarning turlari;
  • aniq hudud va har bir daraxt kesimida daraxtlarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish uchun berilgan ruxsatnomalar;
  • aniq hudud va har bir daraxt kesimida daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish va ko‘chirish bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar va ular bo‘yicha ko‘rilgan choralar.

Avvalroq, ushbu hujjat bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgani haqida yozgandik.

Shuningdek, jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirildi. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlandi.