Avvalroq, Samarqand viloyatida jamoatchilik faoli Ruslan Xairnurov tasdiqlanmagan xabarni «repost» qilgani (e’lon qilingan xabarni qayta tarqatish) uchun hibsga olingandi.

«Gazete.uz»ga «Samarkandskiy vestnik» nashri bosh muharriri o‘rinbosari Anastasiya Pavlenko ma’lum qilishicha, gap «O‘zbekiston ovozi/Golos Uzbekistana» kanalida joylagan postni «Novosti Samarkanda» nomli guruhga «repost» qilish haqida ketmoqda. Xabarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazov Samarqand viloyatida bosh shifokorlik lavozimiga ishga tayinlash uchun noma’lum shaxsdan 80 ming dollar olgani, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi aytilgan.

«Ezgulik» jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi xabariga ko‘ra, 2021 yilning so‘nggi kunida qamoqda bo‘lgan jamoatchilik faoli Ruslan Xairnurov ozodlikka chiqarilgan.

«31 dekabr Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya tartibida fuqaro Rustam Xairnurovga sirtdan qamoqqa olish bo‘yicha birinchi instansiya ajrimini bekor qildi va ayblanuvchi «uy qamog‘i»ga o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, sudyalar J.Botirov, F.Raxmanov va B.Jumabayevlarning apellyatsiya tartibida qabul qilgan ajrimida birinchi instansiya sudi sudyasi Ilxom Ergashev tomonidan «JPKning 242-moddasi talabini buzgan holda R.Xairnurov tomonidan sodir etilgan jinoyat ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turiga kirishligini va ayblanayotgan modda sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, unga nisbatan „qamoqqa olish“ tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llab xatolikka yo‘l qo‘ygan» degan xulosaga kelingan.

Bundan tarqari, apellyatsiya sudi «ish materiallarida ayblanuvchi R.Xairnurov tergovdan yashiringanini tasdiqlovchi biron-bir hujjatlar mavjud emas"ligini ham tan olgan.

Shuningdek, ayblanuvchi maqomidagi fuqaro Ruslan Xairnurovga uy qamog‘idagi tergov muddatida:

  • muayyan shaxslar bilan aloqada bo‘lmaslik;
  • har qanday aloqa vositalaridan foydalanmaslik va ular yordamida so‘zlashuvlar olib bormaslik;
  • internet tarmog‘idan foydalanmaslik majburiyatlari ham yuklatilgan.

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati fuqaro Ruslan Xairnurovning tergov jarayoni davomida qamoqdan chiqarilib, «uy qamog‘i»ga o‘tqazilganini olqishladi. «Ushbu natijani fuqarolik jamiyati vakillarining faolligi va hukumat organlarining ushbu chaqariqlarga e’tibor qaratganligi maxsuli sifatida baholash zarur deb hisoblaymiz», — deyiladi xabarda.