31 dekabr kuni Samarqandda Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan avtomobil-tramvay tunneli tantanali ravishda ochildi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.


Foto: t.me/samvest.

Tunnel qurilishi 2019 yil oxirida boshlangan edi. Ushbu qurilish 2022 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan oldin shahar ko‘chalarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar doirasida amalga oshirildi. Qurilish sababli chorrahadagi transport qatnovi to‘xtatib qo‘yilgan edi, shu jumladan 2-raqamli «Vokzal — Siyob bozori» tramvay qatnovi ham.


Foto: t.me/samvest.

Hokimlikning «Samarqand ovozi» nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish uchun 143 mlrd so‘m sarflandi, bu mablag‘lar to‘liq davlat budjeti hisobidan moliyalashtirildi.

O‘zA ma’lumot berishicha, tunnel shaklidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 675 metr. Inshootning estakada qismi uzunligi 20 metr, balandligi 5,7 metr va kengligi o‘rtacha 26,3 metrni, tirgak devorlarining umumiy uzunligi 551 metrni tashkil etdi.

Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi, balandligi 4,55 metr bo‘lgan qismida 900 metr uzunlikda to‘siqlar o‘rnatilgan. Piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lak barpo etilgan.


Foto: t.me/samvest.

Ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, samarqandliklarni tunnel ochilganligi va Yangi yil bilan tabrikladi.


Foto: t.me/samvest.

Keyin tunneldan jamoatchilik vakillari, O‘zbekiston bayroqlari bilan bo‘lgan avtomobillar va bayramga bezatilgan tramvaylar o‘tishdi.


Foto: t.me/samvest.

Tunnel har bir tomonga uchta harakatlanish yo‘lagiga ega, ulardan biri tramvay uchun mo‘ljallangan.


Foto: Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati.