O‘zbekiston IIV YHXB yangi yil kunlarida poytaxtdan Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanidagi Chimyon tog‘iga olib boradigan yo‘llarda vaqtinchalik yo‘l harakati tashkil etilishi haqida ma’lum qildi.

31 dekabr va 1 yanvar kunlari «Yangi O‘zbekiston bog‘i» atrofida ayrim yo‘llarda transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi. Mamlakatning asosiy archasi o‘rnatilgan bog‘ga tashrif buyuruvchilar uchun ikkita vaqtinchalik avtoturargoh tashkil etilgan. Ulardan biri Parkent ko‘chasi bo‘ylab 4 km, ikkinchisi 4R12 avtoyo‘li tomondan Chirchiq daryosigacha 1,7 km masofaga cho‘zilgan.

Eslatib o‘tamiz, qishki ta’til oxirigacha metroning «Do‘stlik» stansiyasidan «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga qadar bepul avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, 31 dekabrdan 10 yanvargacha Bo‘stonliq tumanining «Amirsoy» tog‘li dam olish maskanlariga olib boruvchi 4R6 «Toshkent- Chimyon» yo‘lining 57- va 92-kilometrlari hamda 4R10 «Chorvoch suv ombori — Halqa yo‘li» yo‘lining 0 — 12-kilometrlarida vaqtinchalik bir tomonlama harakatlanish tashkil etiladi.

YHXBB haydovchilarni yo‘l-patrul xizmati inspektorlari ko‘rsatmalariga rioya etishga chaqirdi.

Xuddi shunday cheklovlar Chimyon tog‘laridagi dam olish hududlariga yo‘nalgan ko‘p miqdordagi avtotransport sababli o‘tgan yili ham joriy etilgan edi.