«Pandemiya va global inqirozga qaramasdan, yurtimizda yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlandi. Ko‘plab korxonalar, klaster va texnoparklar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Yangi-yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygoh va shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirilmoqda», — deya ta’kidladi prezident.

«Tadbirkorlik harakati, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi jadal rivojlanmoqda. Dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, bu yil ham mo‘l hosil yetishtirdilar. Shahar va qishloqlarimiz obod bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning betakror qiyofasi shakllanmoqda», — dedi u.

Davlat rahbari mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni yanada rivojlantirish maqsadida Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilganini ta’kidladi. «Uning asosida „Inson qadri uchun“, degan ulug‘vor g‘oyani amalga oshiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yilda «tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga» ustuvor ahamiyat qaratiladi.

«2022 yilda iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Aholi daromadlarini ko‘paytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlarni davom ettiramiz», — dedi prezident.

«Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etiladi. Muhtaram urush va mehnat faxriylarini, aziz ayollarimiz hamda yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ko‘makka muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor beramiz», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni yanada obod qilish, zamonaviy uy-joylar, jumladan, barcha hududlarda «Yangi O‘zbekiston massivlari»ni qurish asosiy vazifalardan biri bo‘lishini ta’kidladi.

«Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq prezident 2022 yilni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb e’lon qilishni taklif etganligi haqida xabar bergan edik.