O‘zbekistonda odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinib, qidiruvda bo‘lgan erkak AQShda Interpol liniyasi orqali qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Ikkala mamlakat Interpol byurolari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbir davomida qidiruvda bo‘lgan T.A. Nyu-Yorkdagi chegara nazorat punktidan o‘tayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Qo‘lga olingan shaxs O‘zbekistonga topshirildi va endi sudda javob beradi, deyiladi xabarda.

U Jinoyat kodeksining 135-moddasining 3 qismidagi (odam savdosi, jazo — 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.