O‘zbekistonda so‘nggi 6 oy ichida ilk bor koronavirusdan o‘lim holati qayd etilmadi, deya xabar bermoqda SSV.

Ma’lum qilinishicha, 29 dekabr kuni O‘zbekistonda 143 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan, va umumiy zararlanganlar soni 198 ming 769 nafarni tashkil etmoqda. Kecha eng ko‘p kasallik Toshkent viloyati (40) hamda Toshkent shahrida (35) aniqlangan.

29 dekabr kuni kasallikdan vafot etganlar qayd etilmadi, shu sababli koronavirusdan o‘lim holatlari soni jami 1485 nafar bo‘lib qolmoqda. Shu kungacha dekabr oyida bir kunda ko‘pi bilan 4 nafargacha koronavirusdan o‘lim holatlari qayd etilgan.

Shuningdek, kasallikdan tuzalganlar soni jami 195840 nafarga yetgan.

Bundan tashqari, 29 dekabr holatiga ko‘ra, birinchi doza bilan emlanish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 87,7 foizni, to‘liq bosqichlarda emlanish ko‘rsatchiki esa 62,6 foizni tashkil qilmoqda.

Avvalroq 27 dekabr kuni 100 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangani va bu so‘nggi 9 oydagi eng past ko‘rsatkich ekanligi ma’lum qilingandi.