29 dekabr kuni ikki nafar 11 yoshli bola Nukus shahri «Jana bazar» hududidagi «Qosko‘l» drenaj ko‘lida muz o‘rtasida qolib ketgan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB matbuot xizmati boshlig‘i Aybek Abdiraxmonov «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni soat 16:45 larda boshqarmaning «1050» qisqa raqamiga chaqiruv kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, «Jana bazar» hududida joylashgan «Qosko‘l» drenaj ko‘lida 2010 yilda tug‘ilgan ikki nafar bola muzda o‘ynash maqsadida drenaj ko‘liga borgan va muz yorilishi oqibatida suvga tushib ketgan.

Shundan so‘ng, o‘zlari harakat qilib muzning qalin joyiga chiqib olgan. Ular ko‘l o‘rtasidagi orolchada qolib ketishgan. Muz yorilganligi tufayli bolalarning ortga qaytish imkoni bo‘lmagan va ular yordam kelishini kutgan.

Chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga FVBning maxsus otryadi yetib borib, muz ustida qolib ketgan bolalarni qirg‘oqqa olib o‘tib, voqea joyida ularga birinchi tibbiy yordam berilgan va malakaviy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.

Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi, ular ota-onasi bilan.

Video