O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari (MET) va Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) kompaniyasi O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish hajmini olishish uchun yuqori voltli «Surxon-Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishini qayta tiklash bo‘yicha muzokaralarga kirishdi. Bu haqda MET matbuot xizmati xabar qildi.

25−30 dekabr kunlari DABS rahbariyati va Afg‘oniston muvaffaq hukumati vakillari Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad «500 kVli Surxon-Puli-Xumri» investitsiya loyihasini muhokama qilishdan iborat edi.

METdan qayd etilishicha, loyiha doirasida kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan 500 kV kuchlanishli «Surxon» podstansiyasidan o‘zbek-afg‘on chegarasi (Amudaryo daryosi)gacha 45 kilometr uzunlikdagi 500 kV elektr uzatish tarmog‘i qurib bitkazildi. Afg‘oniston hududida loyihaning 201 kilometr uzunlikdagi qismining qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«Ushbu loyihaning asosiy maqsadi Afg‘oniston bilan qo‘shnichilik munosabatlarni yaxshilash, Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga, xalqining turmush farovonligini oshirishga hissa qo‘shish, Afg‘onistonga elektr energiya eksportini oshirish hamda Afg‘oniston energetika tizimini O‘zbekiston va Markaziy Osiyo energetika tizimiga ulash uchun texnik sharoitlar yaratishdan iborat», — deyiladi xabarda.

2020 yilning oktabrida Osiyo taraqqiyot banki Afg‘onistonning avvalgi hukumatiga «Surxon — Puli-Xumri» EUL qurilishi uchun 110 mln dollar ajratgan edi. OTB mablag‘larining asosiy qismi o‘zbekistonlik pudratchilar tomonidan amalga oshiriladigan qurilish ishlariga yo‘naltirilishi kerak edi. Biroq marshrut hududidagi beqaror vaziyat tufayli Afg‘oniston uchastkasida qurilish ishlari boshlanmadi.

oktabr oxirida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, respublika investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Toshkent Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan EUL qurilishini davom ettirish bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qildi.

2019 yilda MET DABS bilan afg‘on kompaniyasiga «ol yoki to‘la» tamoyili asosida 10 yil muddatga har yili 6 mlrd kilovatt-soatgacha elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. O‘zbekistondan afg‘on iste’molchilariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hajmi kuniga qariyb 35 megavattni tashkil etadi.

oktabr oyida Afg‘oniston energetika kompaniyasining O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Eronga elektr energiyasi uchun 51 mln dollardan ortiq qarzi borligi xabar qilingan edi. Biroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston muvaqqat hukumati elektr energiyasi bo‘yicha qarzini to‘liq qoplash majburiyatini olgan va O‘zbekiston «bir soat ham» Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmagan.