Shaxmatning blits yo‘nalishi bo‘yicha Varshavada o‘tayotgan Jahon chempionatida Javohir Sindorov Top-5 dan o‘rin egalladi. 29 dekabr kuni mazkur yo‘nalishda 12 ta tur doirasida o‘yin o‘tkazildi. Unda Sindorovdan tashqari, Nodirbek Abdusattorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidovlar ham qatnashdi.

Javohir Sindarov 8,5 ochko to‘plagan holda turnirda 5-o‘rinni egallab turibdi. Nodirbek Abdusattorov — 6,5, Shamsiddin Vohidov — 6, Jahongir Vohidov esa — 5,5 ochko to‘plagan.

Kuchli beshlik ro‘yxati:

  • Turnir peshqadami Levon Aroniyan — 10 ochko;
  • Amin Bassem — 9,5 ochko;
  • Parxam Magsudlu — 9 ochko;
  • Vladimir Fedoseyev — 8,5 ochko;


12-tur natijalari. Manba: chess-results.com.

17 yoshli Nodirbek Abdusattorov 12-tur yakuniga ko‘ra 6,5 ochko bilan 65-o‘rinni egallab turibdi. Unda beshta g‘alaba, bitta durang va beshta mag‘lubiyat bor.

19 yoshli Shamsiddin Vohidov hamon 6 ochko bilan 86-o‘rinda bormoqda. U 7-turda rapid va blits bo‘yicha dunyoning eng yaxshi shaxmatchilaridan biri amerikalik Hikara Nakamura bilan durang o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi. 26 yoshli Jahongir Vohidov 5,5 ochko bilan 110-o‘rinda bormoqda.

O‘zbekiston shaxmatchilari 13-turda quyidagi raqiblar bilan bahs olib borishadi:

  • Javoxir Sindarov — Arjun Erigaysi (Hindiston);
  • Nodirbek Abdusattorov — Merab Gagunashvili (Gruziya);
  • Shamsiddin Vohidov — Oydin Sulaymonli (Ozarbayjon);
  • Jahongir Vohidov — Jesper Tubo (Daniya).

Musobaqaning qolgan matchlari bugun o‘tkaziladi. Reglamentiga ko‘ra jami 21 ta tur o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, musobaqaning sovrin jamg‘armasi 350 000 dollarni tashkil etadi.

Avvalroq 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgandi.