Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Ko‘hitang tog‘i hududida paleolit davriga oid yodgorlik aniqladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati.

Arxeologik dala tadqiqotlari 25 noyabrdan 5 dekabrgacha Milliy arxeologiya markazi xodimlari tomonidan professor Rustam Sulaymonov boshchiligida olib borildi.

Ko‘hitang tog‘ining ichki qismida tor daralar mavjud bo‘lib, ularda geologik jarayonlar natijasida ko‘plab g‘or va ungurlar shakllangan, deyiladi xabarda. Ularning biridan qadimgi davrda ibtidoiy odam ajdodlari mavsumiy boshpana sifatida foydalangan.

Dastlabki kuzatuvlar natijasida yodgorlik yer sathidan ko‘plab tosh uzaklar, ularning parchalari, uchrindi va plastinalar hamda qurollar yig‘ib olindi. Yodgorlik madaniy qatlamlari holatini aniqlashtirish uchun 1×2 metr hajmida shurf qazildi.

Qazuv ishlari yer sathidan 0,5 metr chuqurlikda qoyatosh yotg‘iziqlarida to‘xtatildi. Qazuv ishlari natijasida yodgorlik bitta madaniy qatlamdan iborat ekanligi aniqlandi. Madaniy qatlam kul va kuyindi qoldiqlari bilan qoplangan qoramtir, mayda tarqoq tuproqdan tarkib topgan bo‘lib, unda ham ko‘plab tosh buyumlar va yovvoyi hayvon suyak qoldiqlari topildi.

Qayd etilishicha, ushbu yodgorlik hududda ilgari topib o‘rganilgan Teshik-tosh yodgorligiga xronologik va madaniy jihatdan o‘xshash. Yodgorlikdan topilgan tosh buyumlar o‘rta paleolit davriga tegishli bo‘lib, toshga ishlov berish texnikasi va tosh buyumlar madaniy jihatdan aynan Teshik-tosh yodgorligi ana’analarini takrorlaydi.

Hozirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari mazkur yodgorlikda tadqiqot ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda, deyiladi xabarda.

Foto