Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «Ichimlik suvi ta’minoti va oqava suvlarni chiqarish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi (video). Endilikda u Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Hujjat muhokamasi chog‘ida deputat Rasul Kusherbayev suv hisoblagichlari kimning hisobidan o‘rnatilishi — iste’molchimi yoki korxonami, degan savolni berdi. Hozirda suv hisoblagichlarini xarid qilish, o‘rnatish, davlat ko‘rigidan o‘tkazish va ulardan foydalanish iste’molchilar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Deputat Bekmirza Eshmurzayev iste’molchilarning ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetkazib beruvchiga xabar qilish majburiyati haqida so‘radi.

Rasul Kusherbayev. UzReport TV lavhasi.

«O‘zsuvta’minot» boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarovning aytishicha, hozirda gaz va elektr hisoblagichlari haqiqatan ham ta’minotchi korxonalar, suv hisoblagichlari esa iste’molchilar hisobidan o‘rnatilmoqda.

«Shu yildan boshlab yangi qurilayotgan obyektlarda o‘zimiz smetaga kiritib, hisoblagichlarni o‘rnatyapmiz. Ya’ni ikki xil usul ketmoqda. Ikkinchidan, hozir gazda ham, elektr energiyasida ham onlayn hisoblagichlar qo‘yilmoqda. Shuning uchun iste’molchiga har oy yoki har ikki oyda bir marta ko‘rsatkichlarni topshirish shartmas. Bizda lekin hisoblagichlarning aksariyat qismi mexanik hisoblangani uchun tekshirish maqsadida bu narsa kerak», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zsuvta’minot» korxonasi yangi billing tizimini ishlab chiqqani, unda iste’molchining shaxsiy kabineti mavjudligi, iste’molchi o‘z hisoblagichi ko‘rsatkichlarini ichiga kiritib, foydalanishi mumkin. Shuningdek, hisoblagich ko‘rsatkichlarini Telegram orqali ham yuborish mumkin.

«Bu nima uchun kerak? Agar bu ko‘rsatkichlar kirmasa, avtomat ravishda normativ bo‘yicha o‘rtacha kunlik suv iste’moli bo‘yicha hisob-kitob ketadi… Toshkentda, kanalizatsiya bor joyda kishi boshiga kuniga 120−130 litr hisoblanadi», — dedi Sohib Saifnazarov.

Parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov qonun loyihasidagi «o‘z vaqtida» so‘zini «kelishuvda ko‘rsatilgan muddat» bilan almashtirishni taklif qildi.

Соҳиб Saifnazarov. UzReport TV lavhasi.

«O‘zsuvta’minot» rahbarining aytishicha, Fransiyaning Suez International kompaniyasi bilan birgalikda 2022 yildan boshlab Toshkentda suv ko‘rsatkichlarini onlayn o‘qiy oladigan va to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda suv ta’minotini to‘xtatib turish imkonini beruvchi intellektual suv hisoblagich tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Sohib Saifnazarov, shuningdek, suv hisoblagichini davlat tekshiruvidan o‘tkazish uchun iste’molchi «Yagona darcha»ga murojaat qilishi, keyin esa «O‘zsuvta’minot» (yoki «O‘zstandart» tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan boshqa tashkilot) hisoblagichning metrologik me’yorlarga muvofiqligini tekshirib ko‘rishini ham ta’kidladi.

Shuningdek, u abonent va suv ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderning favqulodda vaziyatlarda javobgarligi sohasi haqidagi savolga javob berdi.

«Ko‘p qavatli uyga kiraverishgacha bizning hudud hisoblanadi, lekin uyning ichi bo‘lsa, u yer uy-joy mulkdorlari shirkatlariga yoki boshqaruv kompaniyasiga qaraydi, ular avariyalarni bartaraf qilishlari kerak. Hovli ichida bo‘lsa, abonentning o‘zi bu narsani bartaraf qiladi… Xizmatlarni qilishimiz mumkin, lekin bu alohida shartnoma asosida qilinadigan narsa», — dedi «O‘zsuvta’minot» rahbari.

Rasul Kusherbayev boshqa sohalarda, xususan, elektr ta’minoti sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, lekin suv ta’minoti sohasida «hammasi avvalgidek», «iste’molchi manfaati yo‘lida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmayapti», dedi.

Deputatning ta’kidlashicha, hozirda «iste’molchi suv hisoblagichini o‘zi sotib oladi, o‘zi ko‘rikdan o‘tkazadi, ko‘rsatkichlarni ham o‘zi olishi kerak».

«Amaliyotdan bitta misolni aytay. Shaxsan o‘zimning o‘z vaqtida qiyoslovdan o‘tkazish esimdan chiqib ketgan ekan. Menga hech kim ogohlantirish ham bermadi. Orada birdaniga juda katta qarzdorlik kelib chiqdi. Borsam, bir yildan ortiq o‘tib ketgan ekan. Men nega ogohlantirish bermadingiz, deb aytdim. O‘zingiz bilishingiz kerak edi, deydi. Mayli, nima bo‘lganda ham, eng qizig‘i, hozir borib qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish uchun arizani suv ta’minoti korxonasiga bersangiz, olmaydi o‘zi. Uni ovora bo‘lib qaytadan Davlat xizmati markaziga olib borasiz. U orqali pulini to‘lab, qiyoslov ko‘rikka ariza berib, yana qaytadan suv ta’minotiga kelib to‘lovni qilasiz. Ya’ni qulaylashtirish o‘rniga umuman noqulaylik qilib qo‘yilgan», — dedi u.

Parlamentariy suv ta’minoti korxonasi hisoblagichlarni o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lishi kerakligini ham ta’kidladi. Shuningdek, u «O‘zsuvta’minot» kompaniyasi iste’molchilarni ikki toifaga bo‘layotganini, ya’ni kompaniyaning o‘zi ayrim abonentlarga (yuqorida ta’kidlangan yangi uylar egalari nazarda tutilmoqda — tahr.) hisoblagich o‘rnatayotganini, boshqalari esa buning uchun pul to‘lashini tanqid qildi.

Sohib Saifnazarovning aytishicha, korxonaning o‘zi hisoblagichlarni o‘rnatishga tayyor, ammo keyin «barcha xarajatlar tariflarga kiritilishi kerak».

«Tariflarni ham deputatlar tasdiqlashadi. Marhamat, biz bunga tayyormiz», — dedi u.

Yakunda qonunning muhokama qilingan moddasi deputat tomonidan kiritilgan takliflar hisobga olinmagan holda ma’qullandi (120 deputat yoqladi, 1 nafari betaraf qoldi, 7 nafari ovoz bermadi). Qonunni 123 ta «ha» va 1 ta «yo‘q» ovoz bilan ma’qullandi.

Keyinroq Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida «qancha harakat qilmaylik suv ta’minoti masalasida yangi O‘zbekistondagi eskicha qarash qoldi», — deb yozdi.

«Ya’ni, suv hisoblagichlarni o‘rnatish, hisobini yuritish, avariyani bartaraf etish va hokazo majburiyatlar suv ta’minoti korxonasi emas, iste’molchi bo‘yniga ilindi. Davlat budjetidan milliardlab pul olib, ortga qaytarmaydigan, biroq iste’molchi uchun bitta hisoblagich o‘rnatishni bo‘yniga olmaydigan tarmoqning iste’molchilar bilan shartnoma asosida teng shartlarda ishlaymiz, deyishi absurddan bo‘lak narsamas», — dedi u.

2020 yil dekabrida poytaxt hokimligi Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda yetti yillik «Toshkent shahrining suv ta’minotini o‘zgartirish rejasi»ni amalga oshirishga kirishmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi. Loyihaning umumiy qiymati 185,4 million yevro bo‘lib, bu mablag‘lar suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq boshqaruvni takomillashtirishga yo‘naltiriladi.