Sirdaryo viloyati hokimligining 477,9 mln so‘mga KIA Sorento Comfort xizmat avtomobili xaridi bo‘yicha shartnomasi bekor qilinib, mablag‘lar «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga yo‘naltirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

21 dekabr kuni viloyat hokimligi tomonidan 477,9 mln so‘mga KIA Sorento Comfort xizmat avtomobili xarid qilingan edi.

«Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lib, tarmoq faollari o‘z qarashlarini bayon etdi. Keng jamoatchilikning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda hokimlik hamda avtomobil yetkazib beruvchi avtosalon o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilindi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Hokimlik xabariga ko‘ra, mablag‘lar mahalliy budjetga tiklangan holda viloyatdagi ehtiyojmand, ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qaroriga ko‘ra, viloyat hokimlariga faqat bitta, qiymati BHMning 2000 baravarigacha bo‘lgan (yoki 540 mln so‘mgacha) xizmat avtomashinasi xarid qilinishi mumkin. Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayevga Toyota Prado xizmat avtomobili biriktirilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Sirdaryo viloyati mahalliy budjeti mablag‘larini ishlatilishini hamda davlat haridlari to‘g‘risidagi talablarni yetarli nazorat qilmaganligi uchun Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Anvar Karimovga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

«Sirdaryo viloyati hokimining bironta o‘rinbosari 478 mln so‘mlik Kia Sorento Comfort minishga vakolatlari bo‘lmagan. Hukumat qarorida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida avtotransport vositalarini biriktirishda nazarda tutilgan lavozimlar va me’yorlarga qat’iy rioya qilinishi tegishli davlat organi rahbari zimmasiga yuklanadi, deb qo‘yilgan. Ya’ni bu masalada to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgar Mirzayevning o‘zi», — deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.