Buxoro viloyatida OITSga chalinganidan xabardor bo‘la turib, kasallikni 40 ga yaqin shaxsga yuqtirgan ayol 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, «Sog‘lom hayot» tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan 2017 yilda OITS kasalligini yuqtirib olgan, betartib hayot kechirib, foxishalik bilan shug‘ullanib kelayotgan ayol aniqlangan.

Ayol viloyat OITS ga qarshi kurashish markazida OIV yuqtirib olganlar ro‘yxatida turuvchi shaxs bo‘lib chiqqan. 2017 yilda dispanser nazoratiga olingan ayol kasallikni bila turib, uni o‘zgalarga yuqtirmasligi haqida ham ogohlantirilgan. IIB xodimining ma’lum qilishicha, u shunday holat takroran sodir etilsa, unga Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) bilan javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytilgan va tilxat yozdirib olingan bo‘lgan.

«Moddiy manfaat tufayli mijozlarga intim xizmat ko‘rsatib kelib, o‘zidagi infeksiyani yuqtirganlikda gumonlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashitirildi hamda tergov organiga yuborildi», — deydi IIB xodimi.

Reportajda aytilishicha, OITS yuqtirgan ayol qariyb 4 yil davomida qasddan kasallikni 40 nafarga yaqin shaxsga yuqtirgan. Jabrlanuvchilarning orasida oilalilar, xususan, yaqinda farzand kutayotganlar ham bo‘lgan. Kasallik ularning xotiniga ham yuqqan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

«Mart-aprel oylarida do‘stlarim bilan kafeda ovqatlanib o‘tirganimizda, yonimizdagi stolda ovqatlanib o‘tirgan 2 nafar qiz bilan tanishib qoldik. Ular bilan borib, yaqin aloqada bo‘lib, shundan so‘ng, bir necha marotaba telefonlashib, do‘stlarim bilan borib yaqin aloqada bo‘lganimizdan keyin men u qizlarning kasallikka chalinganini eshitib qolib, tibbiy ko‘rikdan o‘tganimda, o‘zimga ushbu kasallikni (OITS — tahr.) yuqtirib olganimni bilib qoldim. Turmush o‘rtog‘im homilador, homila 6 oylik.

Hozirda o‘zimning kasallik yuqtirganimdan xavtoirdaman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Sizlarga ham ko‘chadagi har xil ayollar bilan jinsiy aloqada bo‘lmasligingizni, bu yomon oqibatlarga olib kelishini aytib o‘tmoqchiman. Men ham, oilam ham tug‘ulajak farzandim hayoti xavf ostida ekanligidan pushaymondaman", — deydi jabrlanuvchilardan biri.

Ularning yana biri esa do‘sti orqali ayol bilan tanishib qolganini, so‘ng u bilan jinsiy aloqaga kirishganini aytgan. Keyin qiz bilan avval uning do‘sti ham jinsiy aloqada bo‘lganini, oradan ancha vaqt o‘tib esa uning OITS ga chalinganini bilib qolganini aytgan. U ham o‘zidan xavotirlanib, tibbiy ko‘rikdan o‘tganda, unda ham kasallik aniqlangan. Jabrlanuvchining 2 nafar bolasi, turmush o‘rtog‘i bor. Oila a’zolari bundan hali xabardor emas. «Kasallik haqida surishtirgandim, bilsam, bu kasallikning da’vosi yo‘q ekan. Hozirda undan a’ziyat chekib kelmoqdaman», — degan u.

Ushbu ayol bilan yaqin aloqada bo‘lgan yana bir shaxs esa uning kafeda do‘stlari davrasida o‘tirgan paytida kelib davraga qo‘shilganini, uni tanimasligi, mastlik tufayli uning uyiga borib, ertalabgacha ko‘ngilxushlik qilganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u yaqinda oila qurishi munosabati bilan bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan tibbiy ko‘rikka borgan. Unda ham kasallik aniqlangani ma’lum bo‘lgan. «Uni oila a’zolarga, yaqinlarga qay darajada tushuntirishni bilmayman. Tushkun ahvoldaman», — degan jabrlanuvchi.

Buxoro viloyati IIB huzuridagi TB tergovchisining ma’lum qilishicha ayolga JK ning 113-moddasi 4-qismi (bila turib, boshqa shaxsni OIV kasalligi/OITSni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki unga OIV kasalligi/OITSni yuqtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan. Sud hukmiga ko‘ra, unga 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.