O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishning 50 foizga qisqarishi quvvati 220 kV bo‘lgan ikkita elektr uzatish liniyasidan (EUL) birida (Naibobod-1) ta’mirlash ishlari olib borilgani bilan bog‘liq, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta»ga.

Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) elektr energiyasi milliy kompaniyasi 29 dekabr kuni O‘zbekistondagi texnik muammolar sababli Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni ikki baravar qisqartirgani, 15 provinsiya, jumladan, Kobulda kun oxirigacha elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelganini aytdi.

«Ushbu muammo natijasida bugungi kun oxirigacha import qilinadigan elektr energiyasi yo‘nalishidagi 15 ta provinsiyasi, jumladan Kobulda ham elektr taqchilligi muammosiga to‘qnash keldi», — deyiladi energetika kompaniyasi saytida.

«Tarmoqni ta’mirlash ishlari yakunlandi va shu tariqa avvalgi yetkazib berish hajmi ham tiklandi», — deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida.

oktabr oyida Afg‘oniston energetika kompaniyasining O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Eronga elektr energiyasi uchun 51 mln dollardan ortiq qarzi borligi xabar qilingan edi. Biroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston muvaqqat hukumati elektr energiyasi bo‘yicha qarzini to‘liq qoplash majburiyatini olgan va O‘zbekiston «bir soat ham» Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmagan.